insurez
05-02-2026 11:18

Noruda foydali qazilmalar bo‘yicha litsenziya berish jarayonida shaffoflik ta’minlanmoqda


Noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini berish jarayonida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 546-son qarori qabul qilingan.

Mazkur qarorga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan boshlab noruda foydali qazilmalarni o‘z ichiga olgan barcha yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan elektron shaklda rasmiylashtiriladi. Ushbu litsenziyalar “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali ochiq auksion savdolari asosida realizatsiya qilinadi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, auksion savdolari yakunlangandan so‘ng 20 kundan oshmagan muddat ichida g‘olibga litsenziya berilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq, daryolar o‘zanlarida noruda foydali qazilmalarni qazib olish tasdiqlangan zaxiralarga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi sharti bilan foydalanish huquqi berilishi belgilangan.

Yer qa’rini geologik o‘rganish, yer osti boyliklaridan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazorati mahalliy ijro hokimiyati organlari, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi hamda Davlat ekologiya qo‘mitasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartib asosida amalga oshiriladi.

Qahramon Eshankulov
“Elektron-onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ
Samarqand viloyati hududiy vakili

Teglar
- -