MUNOSABAT
Joriy yilning 18-aprel kuni “Komporuz” Telegram kanalida Nurobod tumani Amir Temur mahallasida fuqarolar va avtomobillar harakati yo‘lini to‘sib, xavfli sharoitda qurilish ishlari olib borilayotgani, ushbu holat “qonun doirasidami?”, degan savollarni o‘z ichiga olgan xabar e’lon qilindi.
Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi tomonidan o‘rganishlar olib borilib, quyidagilar aniqlandi:
Nurobod tumani, Amir Temur mahallasi 163-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Umirzoqov Sanjar O‘tkir o‘g‘li tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, mazkur turar-joy obyekti fuqaro Umirzoqov Sanjar O‘tkir o‘g‘liga tegishli bo‘lib, ushbu mulkka egalik huquqi 2021-yil 4-noyabrda uy-joy oldi-sotdi shartnomasi asosida (Reyestr raqami: №202101959003278, KSh №070018 SA) belgilangan tartibda huquqiy rasmiylashtirilgan.
Joriy yilning 6-mart sanasida Nurobod tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi tomonidan fuqaro Umirzoqov Sanjar O‘tkir o‘g‘liga zamonaviy ikki qavatli turar-joy binosini qurish uchun ruxsat berilgan (Ruxsatnoma raqami: №177438286).
Qurilish loyihasi “Armas” MCHJ loyiha tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, u bo‘limning 2025-yil 13-martdagi №179894141-sonli xulosasi asosida mutasaddi idoralar bilan kelishilgan.
Hozirgi kunda ushbu manzilda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari barcha amaldagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, tasdiqlangan loyiha hujjatlari hamda ruxsatnomalar asosida olib borilmoqda. Qurilish jarayoni Nurobod tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi tomonidan nazoratga olingan.
Tumanimizda amalga oshirilayotgan barcha qurilish ishlari qat’iy ravishda mavjud qonunlar va qurilish me’yorlari asosida tashkil etiladi. Jamoatchilik fikri, ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan taklif va e’tirozlar e’tibordan chetda qolmaydi. Har bir murojaat bo‘yicha o‘rganish va huquqiy baho berish ishlari tizimli ravishda amalga oshiriladi.
Nurobod tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jalik bo‘limi