«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonunning jamiyat va davlat uchun ahamiyati
2024-yil 6-dekabrda kuchga kirgan «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida»gi qonun jamiyat va davlat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, uning qabul qilinishi ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek, korrupsiya kabi salbiy holatlarni bartaraf etishda sezilarni o‘rin egallaydi.
Manfaatlar to‘qnashuvi deganda shaxsning lavozim majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyat tushuniladi.
Mazkur qonun manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish, unga oid munosabatlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvi haqida axborotni oshkor qilish va uni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilaydi. Shuningdek, qonun davlat tashkilotlaridagi xodimlarning huquq va majburiyatlarini aniq tartibga soladi.
Bu avvalo har qanday sohadagi rivojlanish illati bo‘lmish korrupsiya holatlarining oldini oladi, ya’ni shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyini shaxsiy manfaatlari maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi yo‘lidagi xatti-harakatlarining bir qismini bartaraf etadi, davlat byudjetining (xalq mablag‘i) noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini oladi, davlat tashkilotlarida mehnat munosabatlari va davlat xaridlarining ochiqligini va shaffofligini ta’minlaydi.
Qonun buzganlarga javobgarlik choralari
Qonun qabul qilinganidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritildi.
Unga ko‘ra, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, kodeksda Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaslik uchun ham javobgarlik belgilab ketildi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda Qonunni amaliyotga keng joriy qilish bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda ko‘plab ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Shu bilan birga, Manfaatlar to‘qnashuviga qarshi butun jamiyat birgalikda kurashishi yaxshi samara beradi. Shu sababli fuqarolarimizdan ushbu masalaga nisbatan befarq bo‘lmasliklarini so‘rab qolamiz.
Sh.Xasanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining raisi.




