insurez
27-12-2024 17:31

“Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonun bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlar


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 210-sonli  qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga ko‘ra, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan o‘rnatilgan talablar va mexanizmlarni davlat organlari va tashkilotlarida samarali joriy etish, bu jarayonda xodimlarning huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash hamda ular uchun zarur tushuntirish ishlarini olib borish davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Qonun ijrosini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Mazkur komissiya 2024-yil 1-iyulgacha Qonun tatbiq etiladigan davlat organlari va tashkilotlarining aniq ro‘yxatini shakllantiradi. 

Ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin quyidagilar ta’minlanadi:

-har chorakda Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari kesimida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar tahlil qilinishi, bunday holatlar ko‘paygan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni belgilash uchun tegishli taqdimnomalar kiritilishi;


-har yarim yilda manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Respublika idoralararo komissiyasi yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borilishi ta’minlanadi. 

Manfaatlar to‘qnashuvini aniqlashda faol yordam bergan shaxslar mukofotlanadi.

Qarorga ko‘ra, 2024-yil yakunigacha “E-anticor.uz” elektron platformasida manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlash va onlayn monitoring qilish imkonini beruvchi elektron modul ishga tushiriladi.

Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq holatlarni aniqlashda jamoatchilik ishtirokini ta’minlash maqsadida quyidagi amaliyotlar joriy etiladi:

1. Davlat organlari va tashkilotlari xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari bo‘yicha tegishli dalillarni ilova qilgan holda ularni aniqlashda faol yordam bergan shaxslarga undirilgan jarimaning ellik foizi miqdorida mukofot puli berish.

2. Respublika idoralararo komissiyasining ishchi organlari tomonidan har chorakda davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holatlar, ularni bartaraf etish, shuningdek, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

2024-yil 1-oktyabrgacha manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reestri, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllari tasdiqlanadi.


              Shodiyor Shoropov,
        Nurobod tuman Adliya bo‘limi
 yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti

Teglar
- -