insurez
24-12-2025 19:00

Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash masalalari o'rganildi


Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Gulnora Raximova Nurobod tumaniga tashrif buyurib, hududda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

O'rganishlar davomida mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, sanoat mahsulotlari eksport hajmini oshirish, korxonalarda mavjud tizimli muammolarni aniqlash va ularni ijobiy hal etish, shuningdek davlat xaridlari bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Shu bilan birga, mahalliy ishlab chiqaruvchilar ekotizimini rivojlantirish, ekoplatforma.uz orqali tadbirkorlar va buyurtmachilar o‘rtasida ochiq, shaffof va ishonchli hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Platformaning imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali mahalliy mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga faol olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

Sanoat korxonalari faoliyatida uchrayotgan muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, tadbirkorlarga zarur moliyaviy va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatish, eksport salohiyatini yanada oshirish hamda davlat xaridlari jarayonida mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar rejasi belgilandi.

Mazkur uchrashuv Nurobod tumanida sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va hudud iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Teglar
- -