insurez
06-04-2026 20:40

Mahallada jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash: profilaktika ishlari davom etmoqda


Nurobod tumani Mash'al mahallasi hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Mazkur tadbirlarda tuman hokimi M.Buranov, tuman prokurori J.Abdixakimov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazilib, xodimlarga jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktik ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Shuningdek, xizmat intizomi, hushyorlik va shaxsiy mas’uliyatni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mash’al mahallasida giyohvandlik va ichkilikbozlikka ruju qo‘ygan shaxslar tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati atroflicha o‘rganildi.

Jarayon davomida mahalla hududida istiqomat qiluvchi, sog‘lig‘ida o‘zgarishlar kuzatilgan, spirtli ichimliklar va giyohvandlik vositalariga qaram bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ularni davolashga yo‘naltirish, sog‘lom turmush tarziga qaytarish hamda bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, mahallada jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarning kelib chiqish omillarini aniqlash hamda ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Fuqarolar bilan muloqot tashkil etilib, ularning murojaat va takliflari tinglandi hamda xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.

Mazkur profilaktik tadbirlar mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, huquq-tartibotni ta’minlash hamda jinoyatchilikka nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Teglar
- -