insurez
07-04-2026 20:06

Mahalla xavfsizligi — jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining mustahkam poydevori


Nurobod tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni mustahkamlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, manzilli ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–1-son hamda “2026-yilda mahallalarda jinoyatchilikni barvaqt profilaktikasi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–2-son qarorlari ijrosini ta’minlash, ularning hududlardagi ijrosi maqsadida tashkil etildi.

Yig‘ilishda tuman hokimi M.Buranov, tuman prokurori J.Abdixakimov, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov, shuningdek, mahalla yettiligi a’zolari, mahalla faollari va tegishli tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida bugungi kunda jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi yondashuv — ya’ni huquqbuzarlik oqibatlarini bartaraf etish emas, balki ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni chuqur tahlil qilib, ildizidan yo‘qotish zarurligi alohida ta’kidlandi. Bu borada har bir mahallada aniq tizim asosida ishlash, muammolarni erta bosqichda aniqlash va manzilli choralar ko‘rish muhim ekani qayd etildi.

Shuningdek, profilaktika ishlari faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasidagi vazifa emasligi, balki mahalla yettiligi, jamoatchilik, ta’lim muassasalari, yoshlar va xotin-qizlar tashkilotlari hamkorligida amalga oshirilgandagina kutilgan natijaga erishish mumkinligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda mahallalar kesimida xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha jinoyatchilikka olib kelayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq profilaktik rejalar ishlab chiqish, muammoli xonadonlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar hamda nazorat talab etiladigan shaxslar bilan individual ishlash tizimini kuchaytirish, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash va kasb-hunarga yo‘naltirish, “Xavfsiz ko‘cha” va “Xavfsiz hovli” tamoyillarini keng joriy etish, videokuzatuv vositalari va tungi yoritish tizimlarini rivojlantirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, har bir sodir etilgan huquqbuzarlik holatini chuqur tahlil qilish hamda mas’ul shaxslarning javobgarligini oshirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.

Muhokama jarayonida ishtirokchilar tomonidan qator taklif va mulohazalar bildirilib, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash — bu har bir fuqaroning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi, farzandlar kelajagi va jamiyat barqarorligining eng muhim omili ekani alohida qayd etildi.

Yig‘ilish yakunida 2026-yilda mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
 

Teglar
- -