insurez
23-03-2026 19:03

Mahalla – jamiyat tayanchi: fidoyi xodimlar e’tirof etildi


22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Nurobod tumani mahallalarida samarali faoliyat yuritib, aholi muammolarini hal etishda, ijtimoiy muhitni mustahkamlashda, mehr-oqibat va hamjihatlikni qaror toptirishda alohida jonbozlik ko‘rsatib kelayotgan bir guruh mahalla tizimi xodimlari tuman hokimining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.

Tantanali marosimda Nurobod tumani hokimi M.Buranov so‘zga chiqib, mahalla tizimi xodimlarining jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidladi. Ularning kundalik mehnati, odamlar dardiga hamdard bo‘lib, muammolarni joyida hal etishga intilishi, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashdagi hissasi yuksak qadrlanishini bildirdi.

Keng jamoatchilik faollari, nuroniylar va mahalla yetakchilari ishtirokida tashakkurnomalar tantanali ravishda o‘z egalariga topshirildi. Ushbu e’tirof va rag‘bat, shubhasiz, mahalla tizimi xodimlarini yanada samarali faoliyat olib borishga, xalq ishonchini oqlash yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qilishga ruhlantiradi.

Tadbir davomida samimiy tilaklar, ezgu niyatlar yangradi. Mahalla tizimi xodimlarining sharafli va mas’uliyatli mehnati yana bir bor e’tirof etilib, ularga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilandi.

Zero, mahalla — bu jamiyat tayanchi, insoniy qadriyatlar beshigi. Uning ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir fidoyi inson yuksak ehtiromga loyiqdir.

Teglar
- -