insurez
16-12-2024 14:51

Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir


Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.

Biz quyida korrupsiyaning tarixiy ildizlariga va unga qarshi kurashish xususida fikr yuritmoqchimiz.

Korrupsiya termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.

Makroiqtisodiy va siyosiy-iqtisodiy tadqiqotlar, korrupsiya — davlatlarning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishiga ulkan to‘siq ekanligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan imzolanib, 2017 yil 4 yanvardan O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni kuchga kirgani korrupsiyaga barham berish uchun barcha asoslarni yaratib berdi. Mazkur qonun ijrosi to‘liq va samarali ta’minlanishi uchun 2017 yil 2 fevralda davlatimiz rahbarining "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Ushbu illatni tadqiq qilgan bir qator yirik mutaxassislar quyidagi faktorlarni korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar sifatida ko‘rsatadi.

1) Ikki xil ma’noni anglatuvchi qonunlar — ushbu vaziyat huquqni qo‘llovchi mansabdor shaxs tomonidan qonunlarni turlicha qo‘llash imkonini yaratadi. Shuningdek, ayrim mutaxassislar jinoyat, ma’muriy qonunchilikdagi “vilka” sanksiyalarni ham korrupsiyaga qulay sharoit yaratishi mumkinligi haqida fikr yuritishgan. Ya’ni, sanksiyaning aniq miqdori yo‘qligi sudyada uni o‘z hohishiga qarab qo‘llashga sharoit yaratib beradi.

2) Aholi huquqiy savodxonligining pastligi — aholi tomonidan qonunlarni bilmaslik yoki tushunmaslik mansabdor shaxsga o‘zining shaxsiy manfaati yo‘lida qonunlardan foydanishga qulay sharoit yaratadi.

3) Mamlakatdagi siyosiy vaziyatning notinchligi — mamlakatdagi notinchlik birinchi navbatda aholi ongida hayotda yuksak turmush darajasiga erishishning asosiy usuli qonunga xilof faoliyat bilan bog‘liq, degan mutlaqo axloqqa zid nuqtai nazar shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida korrupsiyaga qulay sharoit yaratadi.

4) Ijro hokimiyatining birligi tamoyilinining buzilishi — aynan bitta faoliyatning turli instansiyalar tomonidan tartibga solinishi:

5) aholining davlatni nazorat qilishdagi sust ishtiroki;

6) davlat sektoridagi xizmat qilayotgan xizmatchilar daromadlarining xususiy sektorda topish mumkin bo‘lgan daromadlardan kamligi;

7) iqtisodiyotning davlat tomonidan tartibga solinishi;

8) inflyasiyaning yuqori darajasi;

9) mamlakat yuqori boshqaruv organlarining aholidan uzilib qolganligi;

10) mamlakatdagi diniy va axloq qoidalari.

Jahon mamlakatlarida korrupsiyaga qarshi kurashning quyidagi usullari mavjud.

Ichki nazorat —bu usul boshqaruv apparatining o‘zida nazoratni kuchaytiruvchi tuzilmalar (har xil ichki inspeksiyalar va boshqa nazorat organlari tuzish orqali) yaratishni taqazo etadi. Bu tuzilmaning asosiy vazifasi xodimlarning ichki etiket qoidalariga rioya qilishini nazorat qilishdir. Hozirgi kunda bizning yurtimizda ham bir qator huquqni muhofaza qilish organlarida aynan shu vazifani bajaruvchi ichki tuzilmalar yaratilgan.

Tashqi nazorat — bu usulda ijro apparatidan mustaqil tuzilmalarning mustaqilligini oshirish nazarda tutilib, aynan ushbu tuzilmalar orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib boriladi. Ya’ni, sud hokimiyatining maksimal darajada mustaqilligiga erishish ommaviy axborot vositalariga ko‘proq erkinlik berish va h.k.

Saylov tizimi orqali kurashish —demokratik davlatlarda saylangan vakillarni korrupsiya uchun jazolashning asosiy usullaridan biri keyingi saylovlarda unga ovoz bermaslik hisoblanadi. Korrupsiyaga saylovlar orqali ta’sir o‘tkazish eng samarali usul hisoblanadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvesiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturida ham korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari belgilangan.

O‘zbekiston 2008 yil 7 iyulda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga (Nyu-york, 2003 yil 31 oktyabr), 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003 yil 10 sentyabr) qo‘shilgan. Shuningdek, «Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingan.

Shu bilan birga, iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investisiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda korrupsiya ko‘rinishlarining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari bilan jamoatchilikning mustahkam hamkorligi, xususan, jamoatchilik nazorati talab etiladi.

Jamoatchilik nazorati davlat organlari faoliyatining qonuniyligini ta’minlash, davlat organlari va mansabdorlari inson xuquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlovchi qonun hujjatlariga rioya etmagan holatlarni aniqlashga qaratilgan, jamoatchilik nazorati sub’yektlari tomonidan qonun doirasida olib boriladigan chora-tadbirlar majmuidir.

 

Z.Turayev,

Samarqand viloyat sudining sudyasi

 

J.Arslanov,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudining raisi

 

 

Teglar
- -