insurez
27-11-2024 17:36

Konstitutsiya – inson huquq va erkinliklarining kafolati


Mamlakatimiz taraqqiyotga erishishida 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya muhim o‘rin tutgan. Shu bois barcha bayramlar orasida Konstitutsiya kuni o‘zga xos ma’naviy-huquqiy ahamiyatga ega. Bu kun ulug‘ ayyomlardan biri sifatida milliy bayramimizga aylangan.
 

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonning jahon bilan hamqadam rivojlanishiga mos ravishda Konstitutsiyamiz ham takomillashdi. Xalqimizning xohish-irodasi Bosh qomusimizda o‘z ifodasini topdi.
 

Ayrim kishilar Konstitutsiyani buncha ko‘p o‘zgartirish shartmi, ba’zi davlatlar Konstitutsiya deyarli o‘zgarmaydiku, deya e’tiroz bildirishadi. Bizning davlatimiz yosh va jadal rivojlanib bormoqda. Bundan 30 yil oldingi O‘zbekiston bilan, undagi qonunchilik, shart-sharoitlar bilan hozirgi davr to‘g‘ri kelmaydi. Demak, Konstitutsiyamiz ham shunday. Qonunlar zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak.
 

O‘zbekiston yangi davrga qadam qo‘ydi. Yangi O‘zbekiston uchun yangi tahrirdagi Konstitutsiya zarur bo‘ldi. 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendum orqali yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.
 

Bugungi O‘zbekiston yangi jamiyat, yangi davlatni barpo etishdek buyuk maqsadni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun albatta uning qonuniy, huquqiy asoslari ham talab etiladi.
 

Konstitutsiya mamlakatning Asosiy qonuni bo‘lib, davlat va jamiyat qurilishi, insonning huquq va majburiyatlarini o‘zida aks ettirgan oliy yuridik kuchga ega hujjat hisoblanadi.
 

Konstitutsiyamizning 1-moddasida «O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat» deb mustahkamlangan.
15-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi” deb qayd etilgan.

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan yangi, zamonaviy va muhim normalarning hayotga izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yangi davrni boshlab bermoqda.
 

Konstitutsiyamizning yangi normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishiga qaratilganligi, Yangi O‘zbekiston o‘zining ushbu sohalardagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini namoyon etdi.
 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga “Xabeas korpus” instituti va “Miranda qoidasi”ning qonunchiligimizda joriy etilishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladigan qator normalar kiritildi. Jinoiy ta’qibga uchragan, hibsga olingan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxsning adolatli sud orqali himoyalanishiga bo‘lgan huquqini ifoda etadigan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan bu normalar qonunlarimizda avvaldan mavjud edi. Endi ular konstitutsiyaviy qoida sifatida kiritildi. Shaxsni sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi qoidalar ham konstitutsiyaviy qoida sifatida joy oldi.
 

Siyosiy huquqlar belgilab berilgan 8-bobga barcha fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egaligi, davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanishi haqidagi yangi norma kiritilganligi ham inson huquqlari himoyasining kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz inson huquq va erkinliklari himoyasini kafolatlaydigan, davlatning xalq oldidagi mas’uliyatini oshiradigan qoidalar bilan to‘ldirilganligi jamiyatimiz ravnaqiga, aholi farovonligiga o‘z ijobiy samarasini ko‘rsatadi.

 

Jaxongir Arslanov,

JIB Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -