Kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida brifing o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o'rinbosari Xujamiyarov Sirojiddin Xushimovich ishtirokida tumanda kitobxonlikni keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Aholi orasida kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirish, kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida yurtimizda tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2024-yilda tuman hokimligi, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi hamda bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tumandagi 39 ta mahallalarda “Mahalla kutubxona”lari tashkil etildi.
Joriy yilning 22-26-aprel kunlari tumanda IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tdi. Ushbu haftalik doirasida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, tuman axborot-kutubxona markazi va tumandagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida turli adabiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, kitobxonlik va intellektual salohiyatni rivojlantirishga qaratilgan turli viktorinalar o‘tkazilib, g‘oliblar tashkilotchilarning qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan yurtimizda aholining kitobga bo‘lgan qiziqishini, muhabbatini oshirish, ularda yuksak kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida “Mahalladagi kitobxon” Respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Nurobod tumanining “Xalqobod” mahallasida istiqomat qiluvchi, 3-IDUM o‘quvchisi Toshmurodova Shabnam Ilhom qizi faxrli 1-o‘rinni egallab, Respublika g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Joriy yilning 22-iyul kuni tumanda "Ma'naviyat festivali" o‘tkazildi.
Festival doirasida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan san’at va madaniyat xodimlari, fan arboblari, professorlar, shoir va ijodkorlar "Xalqobod" mahallasida yashovchi Safarovlar xonadoniga tashrif buyurib, oilaning kitobxonlik orqali erishgan yutuqlari bilan tanishishdi.
Bundan tashqari, "Besh tashabbus olimpiadasi" doirasida o'tkazilayotgan "Zukko kitobxon" tanlovida tuman yoshlari jami 5 marta ( 3 marta 1-o‘rin, 2 marta 2-o‘rin) g‘olib va sovrindorlar qatoridan o‘rin egallashdi.
Yosh avlodning kitobxonlikka bo'lgan qiziqishlarini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash, yuksak kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida har yili muntazam ravishda "Yosh kitobxon" ko‘rik-tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Nurobod tumanida "Yosh kitobxon" tanlovining joriy mavsumi doirasida 4 325 nafar yoshlar ro‘yxatdan o‘tkanligi ham tumanimizda kitobxonlikka bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotganligining isboti deb o‘ylayman.