Kitob – tafakkur qanoti: Nurobodda arzonlashtirilgan kitob yarmarkasi tashkil etildi
Yurtimizda kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, yoshlar ongida kitobga mehr uyg‘otish yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda bugun Nurobod tumani markazida arzonlashtirilgan “Kitob yarmarkasi” tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimi M.Buranov, tuman prokurori J.Abdixakimov, tuman IIB boshlig‘i A.Otamurodov hamda tumandagi korxona va tashkilot rahbarlari, mahalla yettiligi, maktab direktorlari, pedagoglar, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Yarmarkada 10 mingga yaqin yangi nashrdagi badiiy, ilmiy, ma’rifiy va bolalar adabiyotlari arzonlashtirilgan narxlarda kitobsevarlarga taqdim etildi. Kitobxonlar orasida yoshlar bilan bir qatorda nuroniylar ham faol ishtirok etib, o‘zlari sevib mutolaa qiladigan asarlarni xarid qilishdi.
Quvonarlisi, tadbirda ishtirok etgan rahbarlar ham o‘zlari tahsil olgan maktablariga kitoblar sovg‘a qilib, ta’lim muassasalari kutubxonalarini boyitishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Shuningdek, yarmarka davomida tuman Axborot-kutubxona markazi fondidagi kitoblar ham keng jamoatchilikka tanishtirildi.
Ayni damda, kitob yarmarkasi davom etmoqda va kitobsevarlar unda faol qatnashmoqda.