Joriy yilning 5-iyun kuni mamlakatimizda “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi
Ushbu qonun bilan manfaatlar to‘qnashuvi o‘zi nima, shaxsiy manfaatdorlik tushunchasi, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma, manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishning asosiy prinsiplari, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish chog‘idagi huquq va majburiyatlari, davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha cheklovlar hamda ushbu munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa asosiy qoidalar belgilandi. Qonunga asosan, manfaatlar to‘qnashuvi deganda, shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyat tushuniladi. Shuningdek, qonunga asosan, manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish bo‘yicha maxsus bo‘linma (bundan buyon matnda maxsus bo‘linma deb yuritiladi) — davlat organlarining yoki boshqa tashkilotlarning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari (va) yoki kadrlar bo‘linmalari belgilanmoqda. Qonunda belgilangan muhim qoidalardan biri – bu davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar toifasi kimlar ekanligi aniqlab berilganligidir. Xususan, davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga aloqador shaxslar deganda, qonunning 5-moddasiga asosan, quyidagi shaxslar tushuniladi: - davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yaqin qarindoshlari; - davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi va (yoki) uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) aksiyalariga yoki ulushlariga egalik qilsa, o‘sha yuridik shaxs; - davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimi yoxud uning yaqin qarindoshlari qaysi yuridik shaxsda boshqaruv organining rahbari yoki a’zosi bo‘lsa, o‘sha yuridik shaxs. Ushbu qonunga asosan, manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va manfaatlar to‘qnashuviga aloqador hollarga nisbatan choralar ham belgilangan. Jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi quyidagi usul va vositalar yordamida aniqlanadi: ushbu Qonunning 17-moddasida nazarda tutilgan ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiyadan; davlat xaridlari jarayonida olingan takliflardan, xarid komissiyasi majlislarining bayonnomalaridan, tuzilgan shartnomalardan; jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining faoliyatidagi mavjud manfaatlar to‘qnashuvi yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi murojaatlaridan yoki xabarlaridan; tijorat tashkilotlarining affillangan shaxslari va yakuniy naf oluvchilari (benefitsiarlari) ro‘yxatlaridan; O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish modulidan; “FHDY Yagona elektron arxivi” axborot tizimidan; “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo apparat-dasturiy majmuidan; Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysidan; maxsus vakolatli davlat organi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha kiritilgan taqdimnomadan. Ushbu modda birinchi qismining beshinchi — to‘qqizinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan manbalardan ma’lumotlar olish maxsus bo‘linma rahbarining so‘rovi bo‘yicha amalga oshiriladi. Bundan tashqari, manfaatlar to‘qnashuviga aloqador hollarga nisbatan quyidagi choralar belgilanadi: o‘ziga nisbatan manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan rahbarning bevosita bo‘ysunuvidagi davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelmaydigan boshqa rahbarning bo‘ysunuviga o‘tkazish; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimini manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kollegial organ tarkibidan ixtiyoriy ravishda o‘zini o‘zi rad etishi orqali yoki majburan chetlashtirish; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining lavozim majburiyatlari yoki xizmat vakolatlari doirasini qayta ko‘rib chiqish; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin bo‘lgan axborotidan va hujjatlaridan foydalanishiga cheklovlar belgilash; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining yakka tartibda qarorlar qabul qilishga doir vakolatlarini qonunchilikka muvofiq amalga oshirishi ustidan kollegial nazoratni ta’minlash; davlat organining yoki boshqa tashkilotning xodimiga o‘zidagi shaxsiy manfaatdorlikni qonunchilikka muvofiq bartaraf etishi to‘g‘risida takliflar taqdim etish; xodim tomonidan o‘zi mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan davlat organining yoki boshqa tashkilotning manfaatlariga zid bo‘lgan shaxsiy manfaatdorligidan voz kechishi; davlat organi yoki boshqa tashkilot xodimining shaxsiy manfaatdorligini bartaraf etish choralarini ko‘rish mumkin bo‘lmagan taqdirda, xodimning roziligi asosida uni avvalgi lavozimiga teng boshqa lavozimga o‘tkazish yoki mehnat shartnomasini (kontraktni) umumiy asoslarda bekor qilish. Bir so‘z bilan aytganda ushbu qonunning qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim bo‘lgan, davlat xizmatchilari faoliyatida uchrab turgan manfaatlar to‘qnashuvi deb atalmish munosabatlarni aniqlash, ularga nisbatan choralar ko‘rish bilan bog‘liq barcha qoidalar va mezonlarni belgilab berdi desak, adashmasak bo‘lamiz. Nurobod tumani adliya bo'limi Yuridik xizmat ko'rsatish markazi