Jomda yangi suv ombori foydalanishga topshirildi
Nurobod tumanining Jom qishlog'ida qadimiy Gʻishtband suv ombori yangidan barpo etildi.
Bugun ushbu inshootning ochilishiga bag'ishlangan tadbir o'tkazilib, unda tuman hokimi S.Berdiqulov, viloyat suv xo'jaligi mas'ullari, mutasaddilar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tuman rahbari ushbu suv omborining ochilishi bilan Jom ahlini qutlar ekan, ushbu inshoot hududda yashovchi 30 mingdan ortiq aholining toza ichimlik suvi va qishloq xo‘jaligi uchun bo'lgan talab va ehtiyojlarini to'la qondirishini ta'kidladi.
Yangidan qurilib, foydalanishga topshirilayotgan loyiha qiymati 5,5 mlrd so'mni tashkil etgan ushbu suv ombori o'ziga 500 ming kubometr suv hajmini sig'dira oladi.
Ushbu inshoot aholini sel va toshqin suvlari xavfidan saqlash, suv bilan ta’minlashdan tashqari, hudud infratuzilmasini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Gʻishtdandda suv to‘planishi Jomni suv bilan ta’minlaydigan buloqlarda suv ko‘payishi va yangi buloqlar ko‘z ochishiga, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, yangi bog‘ va o‘rmonlar, yashil hududlar yaratilishiga asos bo‘ladi.
Kelajakda hududni turistik yo‘nalishga kiritib, sayyohlik sohasida ham yangi loyihalarni amalga oshirish, dam olish maskanlari yaratish mumkinligi alohida e'tirof etildi.