insurez
28-03-2024 11:11

Inson qadri uchun: O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlar


O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya qilishni ta’minlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratib berishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlarning bosh mezonidir. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Inson qadri uchun» degan tamoyil barcha islohotlarimizning asosini tashkil etmoqda. “Inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida O‘zbekiston oldinga qarab intilmoqda.
Jumladan, inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni ta’minlash borasida maqsadli choralar amalga oshirilmoqda.
Bu borada amalga oshirilgan islohotlarni tahlil qilar ekanmiz, eng avvalo, shuni qayd etish lozimki, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro hujjatlar normalari, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 fakultativ protokollari qoidalari  milliy qonunchilikda o‘z aksini topmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shilish inson huquqlarini himoya qilishning samarali milliy tizimini yaratishga xizmat qildi. Xususan, inson huquqlarini himoya qilish sohasini tartibga solishga qaratilgan 12 ta Konstitusion qonunlar, 18 ta kodekslar va 700 dan ortiq qonunlar qabul qilindi.
Joriy yilning 30 aprel kuni umumxalq referendumida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil ham qat’iy qilib belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirildi. Inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgan. Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilandi. Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi. Shuningdek, Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Jumladan, shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning “sukut saqlash” huquqi mustahkamlandi. “Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yildi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonda islohotlar samarasi o‘laroq, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Ularni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat vakillari ko‘rib, bilib turibdi va o‘zlarining ijobiy baholarini berib borishmoqda. Xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, mantiqsiz «propiska» tizimining tubdan isloh qilinishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eksterritoriallik prinsipining joriy etilganligi, mansabdorlarning doimiy hisobot berib borishi, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan talablarning belgilanganligi, majburiy mehnatga barham berilib, inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan hurmatning yangi bosqichga ko‘tarilganligi, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollar shular jumlasidandir. Jumladan, sud hokimiyati va adolat tamoyillarining isboti sifatida 2017-2022 yillarda sudlar tomonidan oqlangan shaxslarning jami soni 4712 nafarni tashkil etdi.
“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonun bilan oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga o‘tkazildi, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirildi. Buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb ta’kidlash mumkin.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarga sodiqligi, yurtimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar va yangilanishlar davrida avvalo inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish birlamchi vazifalardan sanaladi. Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar insonlar hayotini, dunyoqarashini hamda turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Inson qadri ulug‘lanib, «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oya hayotga joriy etilmoqda.

Sobir Usmonovich Kuliyev,

Fuqarolik lshlari bo’yicha Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -