Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida matbuot anjumani o'tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining 1-o'rinbosari R.Ibragimov va mas'ullar ishtirokida "Hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar" mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
R.Ibragimovning so'zlariga ko'ra:
"Nurobod tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yuqori va barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish, aholi yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yashil tamoyil va yondashuvlarni keng joriy etish, iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi drayver loyihalarni amalga oshirish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-223-son Farmoniga asosan, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6- va 24-moddalariga muvofiq, xalq deputatlari tuman Kengashining yettinchi chaqiriq, to‘rtinchi sessiyasining 2025-yil 25-yanvardagi VII-4-3-7-99-K/25 sonli qaroriga asosan tasdiqlangan dasturning asosiy vazifa yo‘nalishlari etib quyidagilar:
a) Nurobod tumanidagi “Nurobod-Damxo‘ja” suv saqlash inshootini ishga
tushirish orqali tuman aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasini oshirish;
b) xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida sog‘liqni saqlash xizmatlari (ma’danli suv bilan davolash sihatgohlarini tashkil etish)ni yanada rivojlantirish, yo‘l bo‘yi infratuzilma imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
v) 540 gektar maydonda, shu jumladan eski bog‘larni yangilash hisobiga yangi intensiv bog‘ va tokzorlar barpo qilish, qishloq xo‘jaligi maydonlarida suv tejovchi texnologiyalar tizimlarini keng joriy qilish, tomorqalardan samarali foydalanish, dala chetlaridan samarali foydalanish;
g) sanoatda qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish va xomashyo zaxiralarini chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, sanoat zona imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanish.
Dastur doirasida har bir sohalar bo‘yicha reja prognozlar belgilab olingan bo‘lib, bugungi kunda 1-chorak yakunlari ijrosi yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.
Rejalashtirilgan asosiy ko‘rsatkichlarga qisman to‘xtatib o‘tsak:
Dasturga asoson 2025-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini 105,0 foizga yoki 608,0 mlrd so‘mga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, sanoat sohasida qiymati 2877,0 mlrd so‘mlik 21 ta loyihalar amalga oshirilishi va 1156 yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan;
Xizmat ko‘rsatish prognoz rejasi 117,1 foizga yoki 792,3 mlrd so‘mga, xizmatlar sohasida umumiy qiymati 68,7 mlrd so‘mlik 41 ta loyihalar ishga tushirilishi va 167 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi belgilangan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish prognoz rejasi 103,7 foizga yoki 1653,0 mlrd so‘mga yetkazish, qishloq xo‘jaligi sohasida qiymati 32,4 mlrd so‘mlik 4 ta loyiha ishga tushirilishi va 78 ta yangi ish o‘rni yaratilishi belgilangan.
2025-yilda investisiya dasturi asosida 80,0 mln dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan.
Eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash natijasida 2,2 mln.dollarlik eksportni amalga oshirish, eksportyor korxonalarga huquqiy va moliyaviy ko‘mak berish, yuzaga kelgan muammolarini tizimli bartaraf etish, eksportyor korxonalarni rag‘batlantirish orqali eksport geografiyasini 14 taga yetkazish;
“Biznesga birinchi qadam” dasturi asosida 6,9 mlrd so‘m kredit ajratish;
Davlat organlari rahbarlarini 5 tadan kambag‘al oilalarga biriktirish orqali 1930 nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish;
Yashirin ish o‘rinlarini legallashtirish orqali 719 nafar aholi bandligini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-sonli "2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan, 2025-yilda 9089 ta yangi ish o‘rinlari yaratish va 1930 ta oilani (8845 nafar) kambag‘allikdan chiqarish prognoz rejalari tasdiqlangan.
Jumladan, investisiya loyihalari hisobiga 1191 nafar banklar tomonidan 6344 nafar, qishloq xo‘jaligida 1288 nafar, qurilish yo‘nalishida 266 nafar aholi doimiy, masumiy va vaqtinchalik ishlarda band qilinishi oylar va mahalla kesimida taqsimot qilindi. Joriy yil 1 choragida aholdi bandligi rejasi 832 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, amalda 1940 nafar aholi bandligi ta’minlangan.
1-chorak yakunlari bo‘yicha har bir statistik ko‘rsatkichlar hisobotlari amalga oshirilmoqda. Ko‘rsatkichlarni bajarilishi bo‘yicha monitoring nazorat ishlari olib borilmoqda.