Hokim qabuli: yoshlar va fuqarolar bilan muloqot – amaliy natijalar sari qadam
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranovning navbatdagi fuqarolar qabuli bo‘lib o‘tdi. Mazkur qabulning eng muhim jihati – unda avvalo yoshlar murojaatlarini tinglashga alohida e’tibor qaratilgani bo‘ldi.
Qabulda hokim o‘rinbosarlari, tumandagi tashkilot va korxonalar rahbarlari hamda murojaat bilan kelgan fuqarolar ishtirok etishdi.
Dastlab yoshlar tomonidan bildirilgan bandlik, ta’lim, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, imtiyozli kreditlar olish va o‘z tashabbuslarini amalga oshirishga doir masalalar ko‘rib chiqildi. Har bir murojaat yuzasidan mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, vazifalar belgilab olindi.
Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan ijtimoiy himoya, tibbiy xizmat, kadastr, gaz va ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi hamda ichki yo‘llarni ta’mirlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar tinglandi.
Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish, “Yashil makon” dasturi doirasida yangi bog‘lar barpo etish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ham ilgari surildi.
Qabul davomida bildirilgan har bir murojaat mas’ul rahbarlarga biriktirilib, ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Bunday muloqotlar, ayniqsa yoshlar muammolariga ustuvor e’tibor qaratilishi, aholining ishonchini mustahkamlab, hudud rivojiga xizmat qilmoqda.




