Hokim otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashdi
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov o‘ziga biriktirilgan og‘ir toifadagi, otaliqqa olingan yoshlar bilan uchrashib, samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda hayotda o‘z o‘rnini topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan, turli salbiy ta’sirlar xavfi ostida bo‘lgan yoshlar ishtirok etishdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini chuqur o‘rganish va manzilli hal etish, eng avvalo, bandligini ta’minlash, kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirish hamda ijtimoiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda tuman rahbari yoshlarning muammo va takliflarini tingladi. Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning aksariyati shu joyning o‘zida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab etadigan masalalar esa aniq ijrochilar biriktirilgan holda nazoratga olindi.
Muloqot chog‘ida hokim qaysi toifaga mansub bo‘lishidan qat’i nazar, yurtimizdagi har bir yigit-qiz davlatimiz himoyasida ekanini, ularning kasb-hunar egallashi, ishga joylashishi va umuman hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur ko‘mak ko‘rsatilishini qat’iy ta’kidladi. Bu borada “otaliq” tizimi yoshlar bilan ishlashda samarali va manzilli mexanizm ekani yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Uchrashuv yakunida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy moslashuvini kuchaytirish hamda jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Mazkur muloqot yoshlar bilan ishlashda ochiqlik, ishonch va amaliy natijadorlikni ta’minlashga xizmat qildi.




