Hokim bilan uchrashuvda yoshlar o‘z savollarini erkin berdi, takliflarini aytdi, kelajak uchun tashabbuslarini ilgari surdi
Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizdagi barcha vazirlik, idora va hokimliklarda har haftaning payshanba kuni — “Yoshlar kuni” etib belgilanishi yoshlar bilan ishlash tizimini yanada kuchaytirish, ularning muammolarini joyida eshitish va iqtidorini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu ezgu tashabbus doirasida bugun Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov tumandagi ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olayotgan o‘quvchi-yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida tuman rahbari yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, bilimga chanqoqligi va kelajakdagi yuksak maqsadlari mamlakat taraqqiyotining eng muhim tayanchi ekanini ta’kidladi. “Yoshlar kuni”ning mazmun-mohiyati ham aynan shunda — yoshlarni tinglash, ularning orzu-intilishiga tayanish, iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish ekani qayd etildi.
Muloqot davomida o‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, ta’lim jarayonidagi ehtiyojlar, fan olimpiadalari, til o‘rganish, zamonaviy texnologiyalar, kasb tanlash, oliy ta’limga tayyorgarlik hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdilar. Eng muhimi, uchrashuv oddiy hisobot emas, balki yurakdan-yurakka bo‘lgan suhbat ruhida o‘tdi: yoshlar o‘z savollarini erkin berdi, takliflarini ochiq aytdi, tashabbuslarini ilgari surdi.
Tuman hokimi yoshlarning har bir fikri e’tibordan chetda qolmasligini, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini oshirish, sport va madaniyat yo‘nalishlaridagi qiziqishlarini rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilanishini ta’kidladi. Shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni kuchaytirish, zamonaviy to‘garaklar va tayyorlov kurslari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida “Yoshlar kuni” doirasidagi bunday muloqotlar davomli bo‘lishi, yoshlar bilan doimiy ishlash — kelajakni bugundan qurish ekanligi qayd etildi. Zero, bugun yoshlarning ko‘zida yonayotgan ishonch va intilish ertangi taraqqiyotning eng katta kafolatidir.




