insurez
01-04-2026 09:52

G‘oya va iste’dodlar bellashuvi: Nurobodda iste’dodli yoshlar o‘z salohiyatlarini namoyon etishdi


Nurobod tumani Yoshlar markazida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” Respublika tanlovining tuman bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tanlov yoshlarning ilmiy-innovatsion salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni zamonaviy fikrlash va yangilik yaratishga rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tanlovda tumanning iqtidorli va izlanuvchan yoshlari faol ishtirok etib, 30 ga yaqin startap loyihalari va innovatsion ishlanmalari bilan hakamlar hay’ati e’tiboriga havola etildi. Har bir loyiha o‘zining dolzarbligi, amaliy ahamiyati va yangicha yondashuvi bilan ajralib turdi.

Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan loyihalar turli yo‘nalishlarni qamrab olib, ular orasida texnologiya, ta’lim, ekologiya, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarga oid innovatsion g‘oyalar alohida e’tirof etildi. Bu esa Nurobod yoshlarining keng fikrlashi va yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, eng munosib deb topilgan 5 nafar iqtidorli ishtirokchi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Samarqand viloyati bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Bu esa ular uchun yanada katta imkoniyatlar eshigini ochib, o‘z loyihalarini kengroq miqyosda namoyish etish imkonini beradi.

Mazkur tanlov nafaqat raqobat maydoni, balki yoshlar uchun tajriba almashish, o‘zaro fikr va g‘oyalar bilan boyish, kelajak sari dadil qadam tashlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

G‘oliblarni samimiy muborakbod etamiz va ularga viloyat bosqichida ham yuksak natijalar, ulkan zafarlar tilab qolamiz!
 

Teglar
- -