Fazilatli oy — osoyishta muhitda: Ramazon arafasida Nurobodda xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumanida Ramazon oyini munosib kutib olish, ibodatlarning osoyishta va xavfsiz muhitda ado etilishini ta’minlash maqsadida xizmat oldi yo‘riqnomasi hamda saf ko‘rigi o‘tkazildi. Tadbirda tuman hokimi M.Buranov, DXX tuman bo‘linmasi rahbari E.Oripov, tuman Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov, ichki ishlar bo‘limi, Milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari, shuningdek tumandagi masjidlar imom-xatiblari, nuroniylar va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Bugundan boshlab masjidlarda taroveh namozlari ado etilishi boshlanadi, ertadan esa yurtimizda muborak Ramazon oyi kirib keladi. Shu munosabat bilan Ramazon oyi davomida tumandagi barcha masjidlar va ularga tutash hududlarda jamoat tartibini saqlash kuchaytirilgan tartibda tashkil etiladi. Mas’ul xizmatlar tomonidan doimiy navbatchilik yo‘lga qo‘yilib, tartib-intizom, fuqarolar xavfsizligi va osoyishtalik ustuvor vazifa etib belgilandi.
Saf ko‘rigi davomida mas’ul rahbarlar tomonidan masjidlardagi yong‘in xavfsizligi jihozlari va evakuatsiya rejalarining tayyorligi, namozxonlar uchun yaratilgan sharoit va qulayliklar, ularning xavfsizligi, ibodat joylarining tozaligi, jihozlanishi hamda sanitariya-gigiyena talablariga mos kelishi zarurligi ta'kidlandi.
Maqsad — xalqimiz uchun mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik timsoli bo‘lgan muborak oyda ibodatlarning emin-erkin, tartibli va yuqori saviyada o‘tkazilishini ta’minlashdir.
Ramazon oyini yurtimizda tinchlik, baraka va fayz bilan kutib olaylik!




