E’tibor va g‘amxo‘rlik — ustuvor qadriyat
Bugun Nurobod tumanida insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy birdamlik ruhida tuman prokurori J.Abdixakimov tashabbusi bilan tumandagi 18-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida imkoniyati cheklangan hamda nogironligi mavjud yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan konsert dasturi tashkil etildi.
Mazkur tadbirning bosh maqsadi — yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish, san’at va ijod orqali ruhiy qo‘llab-quvvatlash hamda jamiyat e’tiborini bu qatlam muammolariga qaratishdan iborat bo‘ldi. Konsert davomida bolalar va yoshlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar, milliy va zamonaviy raqslar, shuningdek ko‘rgazmali sahna chiqishlari tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Sahna ko‘rinishlarida yosh ijodkorlarning iste’dodi, hayotga bo‘lgan ijobiy qarashi va san’atga muhabbati yaqqol namoyon bo‘ldi. Tadbir nafaqat tomosha, balki tarbiyaviy va ruhiy ahamiyatga ega bo‘lib, unda ishtirok etgan yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qildi.
Yakunda tadbir ishtirokchilariga Nurobod tuman prokuraturasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan esdalik sovg‘alari topshirildi. Bu e’tibor yoshlar uchun katta rag‘bat bo‘lib, ularning kelgusida ijodiy faolligini yanada oshirishga xizmat qilishi tayin.
Mazkur tashabbus Nurobod tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish va “inson qadri — oliy qadriyat” tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.




