insurez
06-02-2026 19:04

Boshquduq mahallasida profilaktik tadbirlar kuchaytirildi


Jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda aholi osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida Nurobod tumanining Boshquduq mahallasi hududida keng ko‘lamli profilaktik tadbirlar tashkil etildi.

Mazkur tadbirlar doirasida Nurobod tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i S.Sharipov, ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamda mahalla faollari ishtirokida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.

Yo‘riqnoma jarayonida xizmatga jalb etilgan xodimlarga jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda profilaktik ishlarni samarali va tizimli tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, xizmat intizomi, hushyorlik va mas’uliyatni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Profilaktik tadbirlar davomida Nurobod tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha tergov sudyasi M.Omonov tomonidan sayyor sud majlisi o‘tkazilib, unda 10 ta ma’muriy ish hujjati ko‘rib chiqildi. Sud qaroriga muvofiq, 6 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, mahalla hududida jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi bilan manzilli ishlash, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash hamda ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash masalalari yuzasidan tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borildi.

Mazkur profilaktik tadbirlar fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash, mahallalarda huquq-tartibotni mustahkamlash hamda jinoyatchilikka murosasiz muhitni shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Teglar
- -