Bosh maqsad — mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish
Bugun Nurobod tuman Sarikul mahallasida Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig'i R.Mamatov, tuman hokimi M.Buranovlar ishtirokida tumandagi kriminogen vaziyatning ahvoli, "qizil" toifadagi mahallalarda ijobiy natijadorlikka erishish yuzasidan muhokama yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda sektor rahbarlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, keng jamoatchilik va mahalla fuqarolari ishtirok etishdi.
Yig'ilishda Sarikul va Chortut mahallalarida sodir etilgan jinoyatchilik holatlari atroflicha muhokama etilib, bunda nuroniylarning boy hayotiy tajribasidan oqilona foydalanish, notinch, nizoli oilalardagi vaziyatga beparvolik bilan yondashmaslik, mahalla yettiligining hamkorlikda ishlashi hamda har bir oilalardagi masala va muammolarni xonadonbay o'rganishlari lozimligi alohida ta'kidlandi.
Yig'ilish yakunida huquqni muhofaza qiluvchi va jamoat osoyishtaligini ta'minlashga mas'ul organlar vakillariga mahalladagi jinoyatga moyilligi bor va probatsiya nazoratida turuvchi fuqarolar bilan amalga oshirilayotgan profilaktik ishlar samaradorligini oshirish, hududda jinoyatchilik holatlari sodir etilishining oldini olish yuzasidan tegishli topshiriq va ko'rsatmalar berildi.