Ayollar va bolalar huquqlari yanada kuchaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi PF-33-son Farmoni bilan mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish hamda jamiyatda bunday holatlarga nisbatan murosasiz muhitni shakllantirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilandi.
Mazkur Farmon jamiyatda sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirish, yoshlarni ongli ravishda oila qurishga tayyorlash hamda ayollar va bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Farmonda bir qator muhim maqsadlar belgilangan. Avvalo, nikoh yoshiga yetmagan shaxslar bilan haqiqiy nikoh munosabatlariga kirishish, ya’ni erta nikohlarning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shu bilan birga, ota-onalarning o‘z voyaga yetmagan farzandlari tarbiyasi va kelajagi uchun mas’uliyatini yanada oshirish ham ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, moliyaviy mustaqillikka erishgan va oila qurishga har tomonlama tayyor bo‘lgan yoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni rag‘batlantirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu esa yosh oilalarning mustahkam bo‘lishiga, ularning iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmonda ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish tizimini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Buning natijasida bunday salbiy holatlarni keskin kamaytirish, jabrlangan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularga zarur yordam ko‘rsatishning samarali tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, oila va xotin-qizlar maskanlarida nikohlanayotgan yoshlarni “Maishiy zo‘ravonliksiz baxtli oilaviy hayotga tayyorlash” nomli maxsus bepul kurslarda o‘qitish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ushbu kurslar bilan qamrov darajasini 2026-yilda 50 foizga, 2027-yilda 60 foizga va 2030-yilga borib 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa yoshlarni oilaviy hayotga ongli ravishda tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Farmon bilan nikoh shartnomasi tuzishni rag‘batlantirish maqsadida bir qator imtiyozlar ham belgilangan. Xususan, 2027-yildan boshlab har ikki tomon kamida 21 yoshga to‘lib, birinchi marta nikoh tuzgan yosh oilalar davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz va qo‘llab-quvvatlash choralariga ega bo‘ladi.
Agar bunday yosh oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilsa, ularga faoliyatini rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqish uchun ajratiladigan moliyaviy ko‘maklar — subsidiya, ssuda va grantlar amaldagi miqdorlardan 1,5 baravar ko‘p berilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, nikoh shartnomasini tuzgan shaxslar nikohni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun to‘lanadigan davlat bojidan ozod etiladi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Farmon jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini yanada mustahkamlash, ularni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish, sog‘lom hamda barqaror oilalarni shakllantirish yo‘lida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sh.Hasanov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi raisi




