insurez
16-03-2024 10:48


Assalomu alaykum, Aziz yurtdoshlar!

Hurmatli Nurobodliklar hamda qadrli mehmonlar!

Barchangizni xalqimizning eng ulug‘, eng aziz bayrami – O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.

Siz bilan biz bugun shunday baxtli odamlarmizki, 34 yildan buyon istiqlol shukuhida, ajdodlarimiz, buyuk jadid bobolarimiz orziqib kutgan erkin va ozod mamlakatda, ertangi kunimizga bo‘lgan yuksak ishonch bilan, ulkan orzular bilan yashamoqdamiz.

Barchangizga ma’lumki, joriy yilgi bayram tadbirlari  “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etilmoqda. Ushbu shiorning hayotimizga amaliy tatbiqi o‘laroq, bugun o‘zini shu yurtning bir parchasi deb bilgan, mamlakatimiz kelajagiga befarq bo‘lmagan har bir yurtdoshimiz mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash va uning taraqqiyoti yo‘lida o‘z mehnati, bor kuch-quvvati, g‘ayrati bilan astoydil hissa qo‘shib kelmoqda.

Mana shu shukuhli damlarda har qanday sharoitda ham o‘z kasbiga sodiq qolib, yoshlarga ilm-fan asoslarini o‘rgatib kelayotgan hurmatli muallim va ustozlarni, xalq salomatligi yo‘lida o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan jonkuyar shifokorlarni, el-yurt dasturxonini yanada to‘kin qilish uchun dalalarimizda fidokorona mehnat qilayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizni, ona yurtimiz qalqonlari bo‘lgan jasur harbiylarimizni, o‘zining dastlabki yutuqlari bilan barchamizni xursand qilayotgan azmu shijoatli yoshlarimizni, qalbi to‘la mehr, ulug‘ fazilatlari bilan xonadonlarimiz ustuni bo‘lib kelayotgan hurmatli opa-singillarimizni, har bir ishida duogo‘y bo‘lib, bizga Yaratgandan kuch va madad tilab turgan muhtaram otaxon va onaxonlarimizni, dunyoning qaysi o‘lkasida bo‘lsa ham, O‘zbekiston sog‘inchi bilan yashayotgan aziz vatandoshlarimizni bugungi ulug‘ bayram bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Dunyo tajribasidan ma’lumki, faqat tadbirkorlik rivojlangan davlatda – sifatli ta’lim, malakali tibbiyot, farovon hayot hamda ertangi kunga ishonch bo‘ladi.

Bugungi kunda tumanimizda faoliyat olib borayotgan ko‘plab tadbirkor va ishbilarmonlar o‘zlarining jamoat ishlardagi tashabbuskorligi, homiylik va hashar ishlaridagi faolligi, aholining munosib turmush sharoitlarini yaxshilashdagi saxovatpeshaligi bilan barchaga ibrat bo‘lib kelmoqda. Ularning ezgu faoliyati natijasida tumandoshlarimizning dillarida quvonch va mamnuniyat uyg‘onmoqda. Shu o‘rinda barcha fidoyi, saxovatpesha va tashabbuskor tadbirkorlarimizni mustaqilligimizning 34 yillik shodiyonasi bilan samimiy muborakbod etaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Vatanimiz mustaqilligining 34 yillik bayrami nafaqat xalqimiz hayotida, balki har bir yurtdoshimiz qalbida eng aziz, eng qadrli bayram sifatida o‘z o‘rniga ega. Mustaqillik tufayli biz o‘z taqdirimizning egasi bo‘ldik, milliy qadriyatlarimizni tikladik, bunyodkorlik yo‘lida ulkan marralarni zabt etmoqdamiz.

Muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Biz qanday marraga erishmoqchi bo‘lsak, unga faqat ona yurtimizga mehr-muhabbat, sadoqat va fidoyilik bilan erishamiz.”

Yana bir bor barchaga mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!

Har birimiz uchun iftixor manbai, saodat maskani bo‘lgan jonajon Vatanimiz osmoni doimo musaffo bo‘lsin, fayz-u baraka Yangi O‘zbekistonimizni aslo tark etmasin!

Erishayotgan yutuqlarimiz bardavom, turmushimiz farovon, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

E’tiborlaringiz uchun rahmat!

 

Nurobod tumani hokimi Maxsud Buranov

Teglar
Insurance Policy