Yosh oila quruvchilarga sertifikatlar topshirildi
Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash va nikohlanuvchi yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida Nurobod tumanida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur tadbir tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda FHDYo bo‘limi hamkorligida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi “Oila institutini yanada rivojlantirish va yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 820-son qaroriga asosan o‘tkazildi.
Mashg‘ulot davomida nikohlanuvchi yoshlarning ongiga milliy qadriyatlar ruhini singdirish, ularni oilaviy munosabatlar, reproduktiv salomatlik asoslari hamda ma’naviy-axloqiy qadriyatlar bo‘yicha bilimlarini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, nikoh shartnomasining mazmun-mohiyati, uning nikoh haqidagi guvohnomadan farqi, shartnomaning shakli va qonuniy kuchga kirish tartibi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulotda hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berilib, tinglovchilar bilan ochiq muloqot shaklida fikr almashildi.
Tadbir yakunida o‘quv mashg‘ulotini muvaffaqiyatli tamomlagan yosh oila quruvchi juftliklarga maxsus sertifikatlar topshirildi.




