Uyda ta’lim olayotgan yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida brifing o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Xujamiyarov Sirojiddin Xushimovich ishtirokida uyda ta’lim olayotgan yoshlar bilan ishlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi
Nurobod tumani Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 34 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida jami 103 nafar o‘quvchilar nogironligi bo‘lganligi sababli tuman tibbiyot birlashmasida tashkil etilgan VVK xulosalari asosida uyda, yakka tartibda ta’lim olishadi. Ularga 280 nafar pedagog o‘qituvchilar fanlardan dars mashg‘ulotlari olib borishadi.
Uyda yakka tartibda ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan o‘quvchilarga maktablar tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilgan, ya’ni stol-stul, doska va darsliklar bilan to‘liq ta’minlangan. O‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi “Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 638-son qarorining 4-ilovasi bilan “Jismoniy, aqliy, sensor yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalarga uyda yakka tartibda ta’lim berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida dars mashg‘ulotlari maxsus dars jadvallari asosida uyda yakka tartibda tashkil etilgan. Dars jarayonlari o‘z vaqtida olib borilishi maktab rahbarlari, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari, maktab psixologlari tomonidan nazoratga olingan.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan o'quvchilarga tuman hokimligi, sektor rahbarlari, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda turli korxona va tashkilotlardan mas’ullar biriktirilgan.
O‘quvchilarga biriktirilgan mas’ullar tomonidan o‘quvchilarning uylariga borilgan holda yasash va o'qish sharoitlari o‘rganilib, ularning ota-onalari bilan suhbatlar tashkil etib kelinmoqda.