To‘y va marosimlarda me’yoriylik — oilaviy qadriyatlarning asosi
Bugun Nurobod tumani 1-son politexnikumida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda tuman hokimi o‘rinbosari Z.Sadinova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman bo‘linmasi, tuman “Nuroniylar” jamg‘armasi, Oqila ayollar harakati a’zolari hamda Qilichli mahallasi fuqarolari ishtirok etishdi.
Davra suhbati davomida so‘nggi yillarda mamlakatimizda to‘y va marosimlarni me’yoriy asosda o‘tkazish, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka barham berish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha fikr almashildi.
So‘zga chiqqanlar to‘ylar va oilaviy tadbirlarning inson hayotidagi ahamiyati, ularni milliy qadriyatlarga, urf-odat va an’analarimizga monand tarzda tashkil etish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, ortiqcha xarajatlar, hashamatga berilish va musobaqalashuv kayfiyatining jamiyatdagi salbiy ta’siri haqida fikr yuritildi.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan oilaviy qadriyatlarni asrash, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, hamjihatlik tamoyillariga amal qilish, yoshlarni milliy urf-odatlar ruhida tarbiyalash masalalari ham muhokama etildi.
Shuningdek, davra suhbati davomida fuqarolarga to‘y va marosimlarni o‘tkazishda belgilangan tartiblarga rioya etish, qonuniy me’yorlarni buzmaslik, kamtarona va ma’noli tarzda tadbirlar tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.




