Tim qishlog‘i — ilm, e’tiqod va madaniyat chorrahasi
#Nurobod_50_yoshda
Nurobod tumanida joylashgan Tim qishlog‘i — bu yurt tarixining tirik guvohi, islom sivilizatsiyasining bebaho markazlaridan biri, ilm, e’tiqod va madaniyat chorrahasi sanaladi.
Mashhur geograf Yoqut al-Hamaviy (XIII asr) o‘zining “Mu’jam al-buldon” asarida Ibn al-Faqihga tayanib, Samarqand Sug‘diyonasidagi Tim qishlog‘i haqida ma’lumot beradi. Qishloq yaqinida joylashgan, 400–500 m² maydonga ega tepalik o‘rta asrlarda bu joy yirik manzilgoh bo‘lganidan dalolat beradi.
Tim qishlog‘i 977–978-yillarda bunyod etilgan Arab ota maqbarasi bilan mashhur. Bu yodgorlik Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan eng qadimiy musulmon me’moriy obidalaridan biridir.
“Tim” atamasi sug‘d yozuvlari va o‘rta asr musulmon manbalarida uchraydi. U “do‘kon”, “savdo joyi” ma’nosini bildiradi. Sug‘dcha “tiym” (arabcha “tim”) so‘zi ayrim manbalarga ko‘ra xitoy tilidan o‘zlashgan.
O‘rta asrlarda Tim Samarqand–Buxoro–Nasaf–Zarafshon yo‘nalishidagi karvon yo‘llari chorrahasida joylashgan bo‘lib, savdo, hunarmandchilik va ilm markazi sifatida rivoj topgan.
Tim g‘oridan topilgan qadimiy qoyatosh rasmlari bu hududda insoniyat ajdodlari qadimdan yashab kelganini ko‘rsatadi. Qishloq atrofidagi qadimiy metall konlari esa uning iqtisodiy jihatdan ham muhim markaz bo‘lganini tasdiqlaydi.
Tim qishlog‘ining yuragida qad rostlagan Arab ota maqbarasi Markaziy Osiyodagi eng qadimiy islomiy me’moriy yodgorliklardan biri sanaladi. Maqbara peshtoqlaridagi kufiy yozuvlarga ko‘ra, u Buxoro somoniylari sulolasidan Nuh ibn Mansur (977–997) hukmronligi davrida qurilgan.
Maqbaraning sakkiz qirrali gumbaz osti kompozitsiyasi o‘sha davr me’morchiligining yangi uslubini yaratgan. Bu shakl keyinchalik butun Markaziy Osiyo me’moriy an’analariga ta’sir ko‘rsatgan.
Tim qishlog‘i IX–XI asrlarda islom ta’limoti va ma’rifat markazlaridan biri sifatida tanilgan. Shu davrda yashagan Arab ota (Arob ota) islom ilmlarini targ‘ib etishda katta hissa qo‘shgan. Uning nomi bilan bog‘liq maqbara butun Markaziy Osiyo musulmonlari uchun muqaddas maskanga aylangan.
Tim xalq og‘zaki ijodi bilan ham mashhur. Bu yerda yashagan Mamay baxshi Ergashov, Hikmat baxshi Musurmonov kabi san’atkorlar dostonlari bilan xalq dillarida iz qoldirgan. Hozirda bu an’anani Sayim baxshi Ergashov davom ettirib, yosh avlodga baxshilik san’atini o‘rgatmoqda.
Bugungi kunda Tim qishlog‘ida “Arab ota”, “Bunyodkor” va “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyat yuritmoqda. Qishloqda 7 ta umumta’lim maktabi, 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, shifoxona va zamonaviy sport inshootlari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Aholining asosiy qismi chorvachilik, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda Timda ichimlik suvi, yo‘l va infratuzilma tarmoqlari yangilangan, yoshlarda esa oliy ta’lim, ijod va startap loyihalarga qiziqish kuchaymoqda.
Tim soyi qishloq o‘rtasidan oqib o‘tadi, u Piyozli, Miskon va Yaltir tog‘laridan keladigan buloqlar bilan to‘yinadi. Bahor faslida bu maskan yam-yashil vodiyga aylanadi. Qishloqdagi “ming yillik archa” esa Timning tabiiy mo‘’jizasi sifatida saqlanmoqda.
Bugungi Tim o‘zining asriy tarixini zamonaviy hayot bilan uyg‘unlashtirib, tumanning faxrli manzillaridan biri hisoblanadi.




