Tepaqul mahallasida aholi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimi M.Buranov hamda DXX tuman bo‘linmasi rahbari E.Oripov Tepaqul mahallasida bo‘lib, aholi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida fuqarolarning dardu tashvishlari, ularni qiynab kelayotgan muammolar tinglanib, mavjud masalalarni ijobiy hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, tashabbuskor fuqarolarning o‘z hududini obod qilish, mahallaning taraqqiyotiga hissa qo‘shishga qaratilgan takliflari qo‘llab-quvvatlandi.
Tuman rahbari yig‘ilishda aholining kundalik turmush sharoitlarini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish va fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shu maqsadda mahalla yettiligi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Tepaqul mahallasida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni kengaytirish, tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda ijtimoiy soha obyektlarini kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash masalalari ham kun tartibiga qo‘yildi.
Shu munosabat bilan tuman hokimi 8 va 9-umumta’lim maktablari, mahalla tibbiyot punkti hamda mahalla binosiga tashrif buyurib, ularning moddiy-texnika bazasi, mavjud sharoit va ehtiyojlarini o‘rgandi. Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berdi.
Tepaqul mahallasida o‘tkazilgan mazkur uchrashuv fuqarolarning muammolarini hal qilish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish hamda hududda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qildi.