insurez
22-09-2025 14:51

Sud sohasini raqamlashtirishning yangi bosqichi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21.08.2025 yildagi PF-140-sonli “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek, sudlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berishning kelgusi yillardagi ustuvor maqsadlari etib quyidagilar belgilangan.

(a) sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan voz kechish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida ishlarning yuritilishini bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazish;

(b) fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini oshirib borish, sud hujjatlaridan nusxa olish, sud ishlari bilan tanishish, arizaning sudga taalluqliligi va sudlovga tegishliligini aniqlash, sun’iy intellekt yordamida sud xarajatlarini hisoblash imkoniyatini yaratish, shuningdek, sud tomonidan taqiqlangan manba va kontentlarning elektron reyestrini yuritish;

(v) sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun zarur texnik infratuzilma yaratish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish;

(g) Oliy sudning axborot tizimlari negizida sud hujjatlari arxivi modulini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;

(d) sudlar faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha «Kiber huquq» yo‘nalishida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, shuningdek, sudyalar va sud apparati xodimlarining raqamli savodxonligi va malakasini doimiy oshirib borish;

(j) iqtisodiy sudlar tuzilmasini optimallashtirish orqali ularning faoliyati samaradorligini oshirish va yagona sud amaliyotini shakllantirish;

(z) «Raqamli sud» konsepsiyasi asosida bosqichma-bosqich sud majlisi zallarini tashkil etish hamda aholi va sudyalar uchun qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, sudyalar va sud xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.

Mazkur Farmon bilan sudlar faoliyatiga “Raqamli sud” konsepsiyasini joriy etishga ruxsat berilgan.

Fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga qulayliklar yaratish hamda sud ishlarini ko‘rishni soddalashtirish maqsadida, “Raqamli sud” konsepsiyasini amalga oshirish doirasida:

(a) sudga ariza berishdan oldin sun’iy intellekt yordamida sud muhokamasining taxminiy natijasi hamda sarflanadigan xarajatlar shakllantiriladi;

(b) murojaatlar sudga elektron shaklda yuboriladi;

(v) ishda ishtirok etuvchi shaxslar sud binosiga tashrif buyurmaydi va sud muhokamalarida masofadan turib ishtirok etadi;

(g) taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga sud jarayonlarida ishga doir barcha materiallar bilan elektron shaklda tanishish imkoniyati yaratiladi;

(d) sud xarajatlari elektron shaklda hisoblanadi va to‘lanadi, shuningdek, ijro varaqalari avtomatik ravishda ijroga yuboriladi;

(j) sud ishlari zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron tarzda yuritiladi;

(z) sun’iy intellekt yordamida sud majlisi bayonnomalari real vaqt rejimida matn shaklida tayyorlanadi;

(i) sud hujjatlari loyihalari avtomatik shakllantiriladi.

 

(a) 2025 yil 1 dekabrdan boshlab fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasini ishga tushirish;

(b) 2025 yil yakuniga qadar sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturini yaratish;

(v) 2026 yil 1 yanvardan boshlab «my.sud.uz» interaktiv xizmatlar portalida fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish modulini joriy etish, bunda sun’iy intellekt asosida ishlaydigan virtual maslahatchini yaratish, huquqiy murojaatlarga javob berish hamda sud ma’lumotlarini avtomatik yetkazish;

(g) 2026 yil 1 martdan boshlab fuqarolik, ma’muriy, iqtisodiy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha dastlabki sud ma’lumotlarini fuqarolarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olish imkoniyatini yaratish;

(d) 2026 yil yakuniga qadar fuqarolarga odil sudlovga erishishda qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida 5 ta yangi interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sudning axborot tizimidagi «Shaxsiy kabinet» platformasining foydalanuvchilar uchun yanada qulay bo‘lgan yangi versiyasini ishlab chiqish vazifalari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, Farmonda sudlarga sun’iy intellekt texnologiyalarini samarali tatbiq etishligi belgilangan.

 

Sh.Xasanov,

JIB Nurobod tuman sudi raisi

Teglar
- -