Sahoba – quyoshli dashtlar bag‘rida yashnayotgan o'lka
#Nurobod_50_yoshda
Nurobod tumanining tarixida har bir qishloq, har bir mahalla o‘z o‘rni, o‘z iziga ega.
Ularning orasida uzoq o‘tmishi, mehnatsevar aholisi va zamonaviy rivojlanish sur’atlari bilan ajralib turadigan hududlardan biri bu — Sahoba mahallasidir.
Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, hozirgi Sahoba mahallasining markazi bo‘lgan Jiydali qishlog‘ida qadimdan aholi yashab kelgan.
Qishloq nomi bilan atalgan bu maskandan 12 kilometr janubda joylashgan Sahoba ota qabristoni atrofida o‘tmishda 10–15 ta ovul bo‘lgan.
XX asrning 50-yillariga kelib, kollektivlashtirish davrida Sahoba, Uzunquduq, Omontemir va Gulshan ovullari birlashtirilib, “Jiydali” qishlog‘i tashkil etilgan.
1925–1957-yillar oralig‘ida Jiydali Narpay tumanining kolxoz tizimiga, 1958–1975-yillarda esa Paxtachi tumanining “Leninchi” sovxoziga, so‘ngra Savetobod tumaniga qarashli bo‘lgan. 1990-yillarga kelib ushbu hudud Nurobod tumaniga biriktirilib, 1995-yilda “Jiydali” mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil topdi. 2016-yildan boshlab esa bu maskan “Sahoba” mahallasi nomi bilan yuritila boshladi.
Bugungi kunda Sahoba mahallasida 1500 ga yaqin xonadonda 6400 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi. 93 ming gektardan ortiq yer maydoniga ega bo‘lgan ushbu hudud tuman markazidan 95 km uzoqlikda joylashgan.
Mahalla Tim qishlog'i, shuningdek, Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarining bir necha tumanlari bilan chegaradosh.
Bugungi kunda mahalla hududida 3 ta umumta’lim maktablari, 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, “Sahoba” oilaviy shifokorlik punkti, “Sahoba naslchilik” hamda “Tutli qorako‘l zamini” MCHJlari faoliyat yuritmoqda.
So‘nggi yillarda mahalla infratuzilmasida sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi.
2023-yilda Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi tomonidan “Tibbiyot xodimlari kuni” munosabati bilan Tutli hududidagi tez yordam shoxobchasiga quvvati 10 kVt bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyasi o‘rnatildi.
Shuningdek, Prezidentning 2020-yil 13-maydagi PQ–4712-son qarori asosida Tutli massivida quvvati 100 megavatt bo‘lgan fotoelektr stansiya barpo etilib, bugungi kunda to‘liq quvvatda faoliyat yuritmoqda.
Yana bir muhim yangilik — “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida Sahoba mahalla fuqarolar yig‘ini fuqarolari faol ishtirok etib, ichki yo'llarni asfaltlashtirish, piyodalar yo'laklari va bolalar o'yin maydonchasini qurish loyihalari g‘olib bo'lgan.
Bugun “Sahoba” mahallasi zamonaviy infratuzilmasi, farovon hayoti va fidokor mehnatkash aholisi bilan tuman taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.




