insurez
30-10-2024 11:40

Qishloq xo‘jaligida kimyoviy zararli birikmalardan holi mahsulotlar yetishtirish, yangi navlarni foydalanishga keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida brifing o‘tkazildi


Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari D.Qorayev ishtirokida qishloq xo‘jaligida kimyoviy zararli birikmalardan holi mahsulotlar yetishtirish, yangi navlarni foydalanishga keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.


D. Qorayevning so‘zlariga ko‘ra:

 

“So‘nggi paytlarda butun dunyoda organik mahsulotlar, organik dehqonchilik kabi atamalar ommalashib bormoqda. Organik qishloq xo‘jaligi deganda o‘zi nima nazarda tutiladi? Organik meva-sabzavotlarni yetishtirish agrotexnologiyasi, amalda keng qo‘llanilayotgan an’anaviy agrotexnologiyadan foydalanib yetishtirilgan mahsulotlardan nimasi bilan farq qiladi?

Ayni paytda har qanday mamlakat aholisining 80-90 foizida salomatlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha me’yordan og‘ish kuzatiladi. Buning muhim sabablaridan biri – yuzaga kelgan ovqatlanish tizimidagi muammolar hisoblanadi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga mansub, shuningdek sog‘lom ovqatlanish tarziga rioya qilmaydigan insonlarda ko‘plab vitaminlar, mineral tuzlar, antioksidantlar va boshqa biologik faol moddalar yetishmasligi aniqlanmoqda.

Millat salomatligi insonning ovqatlanishi va u iste’mol qilayotgan mahsulot sifati va xavfsizlik ko‘rsatkichlari me’yorlariga bog‘liqligi hisobga olingan holda, aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mamlakatimizda ushbu yo‘nalish joriy yilning aprel oyida qabul qilingan “Organik mahsulotlar to‘g‘risida”gi Qonun doirasida tartibga solinadi.

Organik mahsulotlar ishlab chiqarishda avvalo iqlim, tuproq, relyef sharoiti hamda suv ta’minoti singari omillar inobatga olinadi. Ekologik sharoitlarga bog‘liq ravishda toza mahsulot yetishtirish sug‘oriladigan, lalmi, sizot suvlari yer yuzasiga yaqin joylashgan, sho‘rlangan, eroziyaga moyil yerlarda amalga oshiriladi.

Organik mahsulot ishlab chiqarishda tuproq sog‘lom, uning tabiiy unumdorligi yuqori (ball bonniteti 60 dan ko‘p) bo‘lishi kerak, tuproq zichligi, g‘ovakligi, gumus, mikroorganizmlar, organik moddalar miqdori kabilarga qator talablar qo‘yiladi.

Qadimda yer juda hosildor, turli minerallar, o‘g‘itlarga boy bo‘lgan. So‘nggi paytlarda tabiiy minerallar bilan to‘yingan yerlarni topish muammoli masala. Eng boy va to‘yingan yerlar vulqonlarga yaqin joylashgan, dengiz tubidagi yerlar hisoblanadi.

Yerni boyitish maqsadida mineral o‘g‘itlar me’yoridan ortiqcha solinganda, ularning asosiy qismi o‘simliklar bilan o‘zlashtiriladi, qolgan qismi esa tuproqda ekinlar o‘zlashtira olmaydigan shaklda to‘planib qoladi. Nitrat va fosfat tuzlari shakliga o‘tadi. Ular suv ta’sirida asta-sekin erib, yerning chuqur qatlamlarigacha (12 m gacha) suv bilan yetib borib, sizot suvlariga qo‘shiladi va ularni ifloslantiradi. Yerga fosforli o‘g‘itlar berilganda faqat fosfat tuzlari sifatida to‘planmasdan, balki og‘ir metallar ham to‘planishiga olib keladi.

Yillar davomida kimyoviy moddalarni me’yoridan oshiq qo‘llash oqibatida tuproq zaharli moddalarga to‘yinib boradi, tuproqdan o‘simlik ildizi orqali butun organlariga tarqaladi va o‘simlikning hosili tarkibida belgilangan me’yorlardan yuqori miqdorda saqlanadi. Ushbu zaharli kimyoviy moddalar o‘simliklarga va boshqa barcha tirik organizmlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Shu bois ham organik dehqonchilikda turli kimyoviy moddalar qo‘llanilishi taqiqlanadi. Buning o‘rniga toza, tabiiy o‘g‘itlar (go‘ng, somon, kompostlar, siderat ekinlar va boshqa organik mahsulotlar)dan foydalaniladi.

Organik mahsulotlar ishlab chiqarishga maxsus ekologik omillar hisobga olingan holda yerdan samarali foydalanish, tuproq unumdorligini saqlash va oshirib borishga e’tibor qaratiladi.

Organik dehqonchilikda dukkakli-don ekinlari maxsus ekilib, yetishtiriladi va yerga siderat o‘g‘it sifatida to‘shaladi.

Siderat o‘g‘itlarning afzalliklari shundaki:

•  tuproqda organik moddalar ko‘p to‘planadi;

•  tuproqdagi mikroorganizmlarni rivojlanishiga qulay muhit yaratib, ozuqa moddalarni umumiy shakldan o‘simlik o‘zlashtiradigan harakatchan shaklga o‘tkazishga sharoit yaratadi;

•  siderat ekinlarning ildiz tizimi tuproqning chuqur qatlamlaridagi mineral ozuqa moddalar zahiralarini shakllantiradi;

•  tuproqning mexanik -fizik va mikrobiologik xossa va xususiyatlarini yaxshilaydi;

•  siderat o‘g‘itlar ekin maydonlaridagi namlikni saqlash natijasida suvni tejab sarflashda ham katta ahamiyatga ega.

Siderat o‘g‘itlari sifatida beda, soya, loviya kabilardan keng foydalaniladi.

Organik mahsulotlar ishlab chiqarishda urug‘chilik tizimi katta ahamiyatga ega. Shuning uchun ham yetishtiriladigan har bir ekinning urug‘i yuqori navli va sifatli bo‘lishini ta’minlash zarur.

Umuman olganda, organik dexqonchilik – bu dehqonchilikni tabiiy jarayonlar asosida yuritishdir. Bunga ekin maydonlarini ko‘proq organik o‘g‘itlar solish, shudgorlashni o‘tmishdosh ekin va ekin turlariga bog‘liq holda amalga oshirish, ko‘kat o‘g‘itlaridan keng foydalanish, tuproqning mexanik-fizik  xossalarini oshirish, (chuqur yumshatish, tuproq qatlamlari bo‘yicha har xil chuqurlikka organik moddalar solish, kelib chiqishi manbasi organik chiqindilardan tashkil topgan yashil o‘g‘itlar bilan yer ustini mulchalash), ekinlarni sug‘orishda ilmiy asoslangan sug‘orish tartiblaridan foydalanish, sug‘orish usullari va elementlarini to‘g‘ri tanlash, tuproqda foydali mikroorganizmlarni ko‘paytirish kabilar kiradi.

Yurtimizda bu yo‘nalish nisbatan yangi bo‘lishiga qaramay, istiqbollidir. Rivojlangan davlatlarda bunday mahsulotlar an’anaviy agrotexnologiyadan foydalanib yetishtirilgan mahsulotlarga nisbatan qimmatroq narxlarda sotilishini inobatga olsak, bu yo‘nalishda faoliyat yuritishga qaror qilgan agrar soha vakillari daromadlarini sezilarli darajada oshirish imkoniga ega bo‘lishadi”.

Teglar
- -