O‘zboshimchalik bilan yer uchastkasini egallab olish yoki unda noqonuniy imorat qurish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini, bilasizmi?
Asosiy Qonunimizning 15-moddasida fuqarolar ham davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan bir qatorda Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritishlari lozimligi va yana 21-moddasida inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shartligi qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Demak, barcha harakatlarimizda, shu jumladan o‘zimizning hayotiy ehtiyojlarimizni ta’minlashda amaldagi qonunlarimizda belgilab qo‘yilgan qoidalarga qat’iy rioya qilgan holda ish tutishimiz kerak, aks holda oxirida nafaqat “Eh, attang”,- deb pushaymon bo‘lib qolishimiz, balki moddiy jihatdan qiyin ahvolga tushib qolishimiz ham mumkin.
Amaldagi yer to‘g‘risidagi qonunchiligimizga ko‘ra, yer uchastkasidan foydalanish, shuningdek unda yakka tartibda uy-joy qurish faqatgina elektron onlayn-aksion savdosi orqali olingandan so‘nggina mumkin bo‘ladi, boshqacha holda yerni egallab, undan foydalanish hamda bunday yerda uy-joy qurish qonunchiikka zid hisoblanadi va bu holat fuqaroning tegishli javobgarlikka tortilishiga, so‘nggida noqonuniy qurilishning o‘zini hisobidan buzilishiga olib keladi.
Avvalom bor, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat to‘g‘risidagi tushunchamizga qonunchilik nuqai nazaridan aniqlik kiritib olsak.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasida arxitektura va qurilish sohasidagi tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarsiz, shaharsozlik normalari va qoidalarini buzgan holda, shu bilan birgalikda, ob’ekt qurilishi nazarda tutilmagan yer uchastkasida qurilayotgan yoki qurib bo‘lingan kapital hamda yengil konstruksiyali bino va inshootlar, shu jumladan, yerosti inshootlari o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshoot hisoblanadi (Manba – Vazirlar Mahkamasining 28.03.2025-yildagi 192-son qarori).
Yoki fuqarolik qonunchiligimizda belgilangan qoidaga ko‘ra qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
E’tibor berayapsizmi, qonuniy ravishda Sizga biror imorat (uy-joy) qurish uchun ajratilgan yer uchastkasida ham qurilish ishlari boshlanmasidan oldin qurilish bo‘limining ruxsatnomasini olmasdan turib qurilgan imorat (uy-joy)lar ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanar ekan.
Endi javobgarlik masalasida qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Buning uchun qonunchiligimizda ma’muriy javobgarlikdan tortib jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan quyidagi qat’iy javobgarlik choralari belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining (MJtK) 60-moddasiga ko‘ra yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari (hozirgi kunda bu miqdor 12 360 000 so‘mni), mansabdor shaxslarga esa — yetmish baravari (28 840 000 so‘m) miqdorida jarima solishga, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan, ajratilgan yer uchastkasiga tutash bo‘lgan va tutash bo‘lmagan yer uchastkalarida qurilish ishlarini amalga oshirish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari (82 400 000 so‘m), mansabdor shaxslarga esa — to‘rt yuz baravari (164 800 000 so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi va bunday jarimalarni qo‘llash uchun Davlat kadastrlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga berilgan.
Bunda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonida nafaqat biror bir imoratni qurib bitkazish, uni biror to‘siq (devor) bilan urab olish, fundament qo‘yish kabilar ham noqonuniy qurilish hisoblanib, yuqorida qayd qilingan jarima jazosini qo‘llashga asos bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining (JK) 229-1-moddasiga ko‘ra esa yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa - bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, sug‘oriladigan yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olish - bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ayrim hollarda yer egasining sug‘oriladigan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralarni ko‘rmaganligi shu jumladan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olinganligi fakti to‘g‘risida vakolatli organlar xabardor etilmaganligi ham yer egasining oldin ma’muriy (MJtKning
60-1-moddasi) va keyin yana bir yil davomida shunday holat takrorlansa jinoiy (JKning 197-1-moddasi) javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi.
Afsuslanarli joyi shundaki, yer uchastkalariga egalik qilish, ularda qurilish ishlarini amalga oshirishning aniq tartib qoidalari va bu qoidalarga rioya qilmaganlik uchun javobgarlik choralari belgilab qo‘yilgan bo‘lishiga qaramasdan bunday noqonuniy harakatlarni amalga oshirish holatlari uchrab turibdi.
Xususan, tumanimiz misolidagi mavjud ma’lumotlarga qaraganda, qayd qilingan qoidabuzarliklarni sodir etganliklari uchun 2024 yilda 196 shaxslarga, 2025-yilning o‘tgan davrida esa 122 shaxslarga nisbatan maʼmuriy jarimalar qoʼllanilgan va jami bo‘lib 259 nafar fuqarolar tomonidan noqonuniy egallab olingan yer uchastkalarini qaytarib olish va ularda qurilgan imoratlarni buzib tashlash to‘g‘risida sud qarorlari qabul qilingan.
Yuqorida qayd qilganimiz kabi qat’iy javobgarlik choralari belgilangan bo‘lishiga qaramasdan fuqarolar tomonidan yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish va ularda noqonuniy qurilishlar qilish sabablarini tahlil qilganimizda, ko‘pchillikning uy-joy qurish tartibi va noqonuniy qurilishlar uchun qat’iy javobgarlik choralari mavjudligidan xabardor emasligi (ma’lumot uchun
2019-yildan boshlab yer munosabatlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ko‘chaytirilgan), boshqalarga qarab, ya’ni “Qo‘shnim qurdiki, men ham qursam bo‘laveradi”, degan aldamchi fikrda bo‘lganligi
(2018 yilga bo‘lgan davrda haqiqatdan ham bunday qurilishlar ko‘p bo‘lgan va ular uchun javobgarlik choralari ham deyarli qo‘llanilmagan) va yana biri “Qurib olaveraychi, keyin bir ilojini qilib hujjatlashtirib olaman, boshqalar ham shunday qilayapdiku” yoki qonunchilikni umuman mensimaydiganlari “Qurib olsam buzolmaydi, keyin o‘zlari majbur bo‘lib hujjatlashtirib beradi”, degan amalga oshmaydigshan tushunchalarga borib, noqonuniy qurilishlarni amalga oshirganliklari ma’lum bo‘ladi.
Endi maqolaning shu joyiga diqqat bilan e’tibor bering – noqonuniy qurilishlarni kelgusida hujjatlashtirib olishning hech qanday imkoniyati mavjud emas va oxir oqibatda javobgarlik choarlari qo‘llanilgan holda majburiy tartibda sud qarori asosida buzib tashlanadi, bunda hech qanday istisnolar ham mavjud emas.
Kelgusida yer uchastkasiga egalik qilish va ularda qurilish ishlarini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar tartib-qoidalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun qonun-qoidalarimizni o‘qib o‘rganishdan tashqari o‘zi yashayotgan mahallasi orqali kadastr, qurilish idoralari mas’ullariga hamda adliya bo‘limiga murojaat qilishlari mumkinligini shu o‘rinda eslatib o‘tamiz.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yer munosabatlari bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarni o‘zboshimchalik bilan amalga oshirish oqibatida jiddiy miqdordagi moddiy xarajatlarga tushib qolmang, qurilish ishlarini amalga oshirishning eng to‘g‘ri yo‘li - qonunlarimizga to‘liq rioya qilgan holda uni tashkil qilishdir.
Norqul SAFAROV,
tuman adliya bo‘limi boshlig‘i,
3-darajali adliya maslahatchisi,
Nurislom QUVONDIQOV,
tuman adliya bo‘limi Yuridik
xizmat ko‘rsatish bo‘limi
boshlig‘i