Olg‘a qishlog‘i – mehnatsevarlar yurti, bunyodkorlik maskani
Nurobod tumanining yirik va obod qishloqlaridan biri bo‘lgan Olg‘a o‘zining bepayon dasht-u dalalari, serhosil lalmikor yerlari va zotli chorva mollari bilan ajralib turadi. Mehnatsevar aholi, tarixiy ildizlar va zamonaviy islohotlar uyg‘unlashgan bu qishloq bugungi kunda tuman taraqqiyotining muhim tayanch nuqtasiga aylanib ulgurgan.
Olg‘a qishlog‘ining tarixi 1930-yillarga borib taqaladi. Kollektivlashtirish davrida “Ulus” sovxozi tarkibida “Qizil omoch” (Bahrin qishlog‘i), “Yangi kuch” (Uyshun qishlog‘i), “Olg‘a” (ilgari Qo‘shquduq deb atalgan), “Dmitrov” (hozirgi Ulus qo‘rg‘onining sharqiy qismi) va “Kalinin” kolxozlari tashkil etilgan. Ular keyinchalik xo‘jalik tarkibidan ajralib, mustaqil faoliyat yurita boshlagan.
“Olg‘a” kolxozi 1930-yilda tuzilgan bo‘lib, uning birinchi raisi Abdurahmon Saidov, xo‘jalik kotibi Sa’din Pitakov bo‘lgan. Dastlabki yillarda xo‘jalikda qorako‘l qo‘ylarni ko‘paytirish maqsadida ish olib borilgan. 1931-yilda Buxorodan 650 bosh qorako‘l qo‘ylari olib kelingach, tuyoqlar soni yanada ortgan.
1950–1957-yillarda qator xo‘jaliklar yiriklashtirilib, “Olg‘a” kolxoziga aylantiriladi va markaz sifatida Qo‘shquduq (Olg‘a) qishlog‘i belgilanadi. Shu yillarda qishloqda “Qo‘shquduq” va “Qizil Sharq” qishloqlari ham tashkil topgan.
O‘sha davrda xo‘jalikda bilimli mutaxassislar kam bo‘lsa-da, mehnatsevar dehqon va chorvadorlar o‘zining fidokorona mehnati bilan ishlab chiqarishni barqaror olib borgan. Rejalar muntazam bajarilib, xo‘jalik yildan yilga rivojlanib borgan.
1992-yilda Olg‘a ijara xo‘jaligi tashkil etilib, uning rahbari etib Eshmurza Ibodullayev tayinlangan. O‘sha yillarda xo‘jalikda 32 ming bosh qo‘y-qo‘zi va 6 ming gektar lalmikor g‘alla maydoni mavjud bo‘lgan.
1997–1998-yillarda xo‘jalik tarkibidan Toshquduq qishlog‘ida “Istiqlol” shirkat xo‘jaligi ajralib chiqqan. Bu xo‘jalikda 14,5 ming bosh qo‘y-qo‘zi, 9–10 ming gektar lalmikor yer va 1000 gektar maydonda uzumchilik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu davrda qishloq iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, qishloq aholisi farovonligi sezilarli darajada oshgan.
“Olg‘a” mahalla fuqarolar yig‘ini 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Chorvador, Ittifoq va Ag‘ron mahallalari bilan chegaradosh. Bugungi kunda mahallada 5,5 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ular 1031 ta xonadon, 1331 ta oilani tashkil etadi.
Aholi farzandlarining ta’lim olishi uchun qishloqda 4 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 3 ta umumta’lim maktabi faoliyat yuritmoqda. Bu maskanlarda minglab yoshlar bilim olib, yurt kelajagiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyorlanmoqda.
Bugungi kunda Hindistonning “Larsen & Toubro (L&T India)” kompaniyasi tomonidan Sazag‘on va Olg‘a mahallalari hududida quvvati 500 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.
Mazkur loyiha nafaqat Nurobod tumanida, balki butun Samarqand viloyatida eng yirik energetik loyihalardan biri hisoblanadi. Bu stansiya barpo etilgach, minglab xonadonlar elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlanadi va yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Qishloq aholisi hamjihat va tashabbuskor.
2023-yil “Tashabbusli byudjet” dasturining 1-bosqichi doirasida Olg‘a va Chorvador mahallalarini bog‘lovchi avtomobil yo‘lini ta’mirlash loyihasi aholining faol ishtiroki bilan g‘olib chiqdi. Natijada qishloq yo‘llari ravonlashdi, aholi uchun qulay transport qatnovi yaratildi.
Bugun Olg‘a qishlog‘i — o‘zining boy tarixi, halol mehnatga tayangan aholisi va zamonaviy bunyodkorlik ishlari bilan Nurobod tumanining fayzli maskanlaridan biriga aylangan. Bu yerda kechayotgan islohotlar va ijobiy o‘zgarishlar xalqimizning mehnatsevarligi, fidoyiligi va yangilanishga intiluvchanligining yorqin ifodasidir.




