Nurobodlik yosh “Besh tashabbus paralimpiadasi”da O‘zbekiston g‘olibi bo‘ldi!
Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida ular turli sohalarda yuksak cho‘qqilarni zabt etmoqda. Ana shunday iste’dod egalari orasida Nurobod tumanining “Olg‘a” mahallasida istiqomat qiluvchi yosh sportchi Safarov Amir Abdusalom o‘g‘li ham bor.
Respublika miqyosida o‘tkazilgan “Besh tashabbus paralimpiadasi” sport musobaqalarining final bosqichida Amir yengil atletikaning “Parayengil atletika” yo‘nalishida qatnashdi. U barcha bosqichlarda yuqori natijalarni namoyon etib, raqiblarini ortda qoldirdi va faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, Amir Safarov O‘zbekiston chempioni unvoniga sazovor bo‘lib, nafaqat o‘z mahallasi va tumanining, balki butun viloyatning g‘ururiga aylandi.
Bu yutuq — yosh sportchining iroda, qat’iyat va tinimsiz mehnati mahsulidir. Imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, u o‘z kuchi va salohiyatini to‘liq namoyon etdi, barchaga ibrat bo‘la oldi.