Nurobodlik mardlik va sadoqat yo‘lini tanlagan qiz
Har bir inson hayotida tanlovlar bo‘ladi. Kimdir oson yo‘lni tanlaydi, yana kimdir esa mashaqqatli, ammo sharafli yo‘lni.
Nurobod tumanining Saroy mahallasida tug‘ilib o'sgan Aliyeva Aziza Utkirovna ham ana shunday sharafli yo‘lni tanlagan yoshlardan biridir.
2005-yil 20-sentabrda tug‘ilgan bu iste’dodli qiz bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining “Tezkor-qidiruv faoliyati” yo‘nalishi 3-bosqichida tahsil olmoqda.
Yosh bo‘lishiga qaramay, Aziza o‘zining qat’iyati, bilimga chanqoqligi va orzulariga sodiqligi bilan tengdoshlariga ibrat bo‘lib kelmoqda.
Ko‘pchilik uchun ichki ishlar sohasida xizmat qilish — og‘ir, erkaklarga xos kasbdek tuyuladi. Ammo Aziza bu yo‘ldan qo‘rqmadi. U o‘zining aql-zakovati, teran fikrlashi, jamoa bilan ishlash mahorati va kasbiga bo‘lgan cheksiz muhabbati bilan boshqalardan ajralib turadi.
Bugun u nafaqat Akademiyaning, balki Nurobod tumanining faxrli qizlaridan biridir.
U xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovlarda ham munosib ishtirok etib kelmoqda.
Xususan, “Korabl Znaniy” xalqaro olimpiadasi, Umumrossiya xalqaro konkursi, “Magistr” xalqaro tanlovlarida 1-o‘rin, “Rossiya talantlari” tanlovida esa 2-o‘rinni egallagan.
Respublika fan olimpiadasida “Fuqarolik va oila” fanidan, shuningdek “QVZ – 2024” respublika finalida ham faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Aziza o‘zining fidokorona mehnati bilan MDH miqyosidagi “Eng yaxshi xizmatlari uchun” hamda “Ta’lim iftixori” ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘lgan.
Eng e’tiborlisi — AQShda chop etiladigan ISOC xalqaro jurnalida Azizaning “Jinoyat protsessida xususiy ayblov institutini takomillashtirish” mavzusidagi ilmiy maqolasi chop etilgan. Bu — yosh kursant uchun katta yutuq, ichki ishlar tizimidagi yoshlar uchun esa ibratli namuna.
Aziza o‘z yo‘lini shunchaki kasb emas, Vatanga sadoqat va xizmat yo‘li deb biladi. U Ichki ishlar vaziri stipendiyasi sohibasi bo‘lib, o‘qish davomida bir necha bor Akademiya rahbariyati va ustozlari tomonidan minnatdorchilik xatlari bilan taqdirlangan.
Uning nazarida xizmat libosi — bu oddiy forma emas. Bu burch, mas’uliyat va Vatanga muhabbat ramzidir. Har bir yutug‘i ortida esa ota-onasining mehr-muhabbati, ishonchi va sabr-toqati mujassam. Ular Azizaga bolalikdan halollik, mehnatsevarlik, intilish va Vatanni sevish tuyg‘ularini singdirganlar.
Bugun shu qadriyatlar unga mustahkam poydevor, hayot yo‘lida yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilmoqda. Azizaning yutuqlari — bu nafaqat uning, balki farzandining orzusi yo‘lida fidokorlik bilan mehnat qilgan ota-onasining ham g‘ururidir.
A.Aliyevaning kelgusidagi xizmat faoliyatlariga ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilab qolamiz.




