Nurobodda ustuvor vazifalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
Nurobod tumanida Prezident Murojaatnomasi hamda Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash, ularning mazmun-mohiyatini joylarda keng tushuntirish va amaliy ishlar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mazkur o‘quv-seminarda tuman hokimining o‘rinbosari A.Ziyatov, Mahallalar uyushmasining tuman bo‘limi vakillari, tuman mudofaa ishlari bo‘limi xodimlari, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi mas’ullari, mahalla yettiligi a’zolari, shuningdek o‘qituvchilar hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berilib, ularni tuman miqyosida samarali amalga oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Xususan, yoshlar siyosatini yanada kuchaytirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va vatanparvarlik ruhini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahalla institutining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va mas’uliyatini oshirish, “mahalla yettiligi” faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish, fuqarolar muammolarini joyida hal etish hamda profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Seminar jarayonida mahalla va jamiyat hayotida nuroniylarning o‘rni, ularning tajribasi va ibratli hayot yo‘lini yoshlar tarbiyasida keng qo‘llash, nuroniylarni mahallalarda ma’naviy muhitni mustahkamlashga faol jalb etish masalalari yuzasidan ham qizg‘in fikr almashildi.
O‘quv-seminar yakunida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar shakllantirilib, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarda manzilli reja asosida ishlarni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi. Mazkur seminar joylarda ustuvor vazifalarni chuqur anglash, ularni amaliyotga tatbiq etish hamda yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.




