Nurobodda to‘y va marosimlarni soddalashtirish borasida amaliy chora-tadbirlar belgilandi
Bugun Nurobod tumani hokimligida viloyat hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Z.Saidova hamda Nurobod tuman hokimi M.Buranov ishtirokida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, maraka va marosimlarning o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida muhokama yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Yig‘ilishda marosimlarning o‘tkazilishida milliy qadriyatlarni asrash, ortiqcha dabdababozlikka yo‘l qo‘ymaslik hamda to'y va oilaviy tantanalarni o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimining o‘rinbosari Z.Saidova o‘z nutqida mamlakatimizda to‘y va marosimlarni tartibga solish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning ma’naviy, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. U, shuningdek, oila mustahkamligi va jamiyatda sog‘lom muhitni shakllantirishda xotin-qizlar faolligi va mas’uliyatining muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tuman hokimi ham o‘z chiqishida bu borada mahalla, jamoatchilik kengashlari, diniy idoralar va fuqarolik jamiyati vakillari bilan hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
Yig‘ilishda so‘z olgan xotin-qizlar faollari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan ham fikr va takliflar bildirildi. Tadbir yakunida to‘y va marosimlarni tartibga solish, ularni me’yorida o‘tkazish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilandi.
Ushbu uchrashuv Nurobod tumanida oila qadriyatlarini mustahkamlash, milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash va jamiyatda mas’uliyatli fuqarolik madaniyatini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi.




