Nurobodda sun’iy intellekt asosida yaratilgan virtual muxbir qiz – “Nurzoda” ish boshladi
Nurobod tumani hokimligi axborot xizmati zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish yo‘lida yana bir muhim qadamnı amalga oshirdi. Endilikda tuman hayotiga oid yangiliklar sun’iy intellekt asosida yaratilgan virtual muxbir qiz – “Nurzoda” orqali jamoatchilikka taqdim etiladi.
“Nurzoda” — bu inson ovozi, nutqi va mimikasini tabiiy tarzda aks ettira oladigan sun’iy intellektli jurnalist bo‘lib, u Nurobod tumanidagi yangiliklarni ovozli, videoli va matnli shakllarda yetkazib boradi.
Loyihaning asosiy maqsadi — axborotni tezkor, ishonchli va zamonaviy shaklda uzatish, tuman hayotidagi eng muhim voqealarni aholiga qulay va qiziqarli tarzda yetkazishdan iborat.
“Nurzoda” endilikda Nuroboddagi barcha muhim yangiliklarni virtual studiyada taqdim etadi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ham faol axborot maydonini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ushbu loyiha — sun’iy intellektni davlat axborot tizimida samarali qo‘llashga qaratilgan yangi bosqich bo‘lib, Nurobodni raqamli transformatsiya sari yetaklovchi amaliy qadamdir.




