Nurobod tumanidagi 1-son Politexnikumida yangi o‘quv mashg‘ulotlari boshlanmoqda
Nurobod tuman hokimligida tumanidagi 1-son Politexnikumida tashkil etilayotgan “Quyosh fotoelektr qurilmalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha elektromontyor” yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursiga tayyorgarlik yuzasidan yakuniy muhokamalar o‘tkazildi.
Muhokama yig‘ilishida tuman hokimligi mutasaddilari, Hindistonning “Larsen & Toubro” kompaniyasi vakillari hamda 1-son Politexnikum rahbariyati va mas’ullari ishtirok etdi.
Mazkur o‘quv mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi — malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish hamda tuman aholisi bandligini ta’minlashdan iborat.
Loyiha doirasida Hindistonlik mutaxassislar bilan hamkorlikda ilg‘or tajribalar va amaliy ko‘nikmalarga asoslangan o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
Bu esa yoshlarning zamonaviy energiya texnologiyalari, xususan, quyosh fotoelektr tizimlarini o‘rnatish, boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chuqur bilim hamda amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun muhim zamin yaratadi.




