insurez
18-04-2025 09:28

Nurobod tumanida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha brifing bo‘lib o‘tdi


Bugun Nurobod tuman hokimligida Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi boshlig‘i Asomiddin Ziyatov ishtirokida “Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni zamonaviy kasblarga oʻqishida koʻmaklashish borasida qilinayotgan ishlar to‘g‘risida” brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi PQ-92-son va 2022-yil 11-apreldagi PQ-201-son qarorlari ijrosini ta’minlash, yoshlarni madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari va kitobxonlikka jalb etishga qaratilgan Besh tashabbus doirasida tumanimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

2025-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tumanda 52 237 nafar yosh qamrab olinib, bu ko‘rsatkich 2024-yildagi 39 mingdan sezilarli oshdi. 22 ta sport va ijodiy yo‘nalishlarda mahalla, sektor, tuman, viloyat va respublika bosqichlarida musobaqalar tashkil etildi.

Tuman yoshlari respublika miqyosida ham yuksak natijalarga erishdi.

  • “Yoshlar ovozi” (“Bo‘zotov fest”) tanlovida Ulus MFYdan Shavkatov Muxammad va Arabota MFYdan Mamayev Islombek 10 mln so‘mdan mukofotga sazovor bo‘ldi.

  • Para yengil atletika bo‘yicha Amirjon Safarov respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.

  • Shashka bo‘yicha Ag‘ron MFYdan Mashxura Xudayberdiyeva, yengil atletika bo‘yicha Tepaqul MFY qizlar jamoasi faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida:

  • Tuman axborot-kutubxona markazi, 78 ta maktab kutubxonalari, 3 ta yoshlar kutubxonasi va 39 ta mahalla kutubxonalari faoliyat yuritmoqda.

  • “Qizlar akademiyasi” loyihasi orqali 345 nafar xotin-qizlar qamrab olindi.

  • “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 3 154 nafar yosh xorijiy tillarga o‘qitilib, shundan 505 nafari sertifikat oldi.

  • “Ustoz AI” loyihasi orqali 213 nafar yosh zamonaviy kasblarni onlayn o‘rganmoqda.

  • Kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida “Yosh kitobxon” tanlovida 2 325 nafar, “Mutolaa” loyihasida esa 588 nafar kitobxon yosh kashf etildi.

Brifing yakunida Asomiddin Ziyatov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni kasb va chet tillariga o‘qitish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish yo‘nalishidagi ishlar izchil davom etishini ta’kidladi.

Teglar
- -