Nurobod tumanida “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichiga start berildi!
Bugun Nurobod tumanida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, mutolaa ko‘nikmasi va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan an’anaviy “Yosh kitobxon” tanlovining tuman bosqichi tantanali ravishda boshlandi.
Tanlovning rasmiy ochilish marosimi tuman Yoshlar markazida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda tuman hokimining o‘rinbosari A.Ziyatov ishtirok etib, barcha qatnashchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi. O‘z so‘zida u kitob — ma’naviy taraqqiyot va shaxsiy kamolotning muhim omili ekanini ta’kidlab, yoshlarni doimiy mutolaa qilishga chaqirdi.
Mazkur tanlov yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, ularning bilim salohiyatini oshirish hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish maqsadida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinmoqda. Yildan-yilga nufuzi ortib borayotgan ushbu bellashuv bugun yoshlarning eng sevimli ma’naviy-ma’rifiy tanlovlaridan biriga aylangan.
Tanlovning tuman bosqichi ko‘tarinki ruhda, ochiq va shaffof mezonlar asosida tashkil etilishi belgilangan. Ishtirokchilar o‘z bilimlari, mutolaa darajasi va adabiyotga bo‘lgan qiziqishini sinovdan o‘tkazmoqda.
Bugungi bosqich ayrimlar uchun oson tuyulishi mumkin, ammo kitobga mehr qo‘ygan, bilimga chanqoq yoshlar uchun bu — o‘z salohiyatini namoyon etish va keyingi bosqichlarga yo‘l olish imkoniyatidir.
Qatnashuvchilar sonining yil sayin ortib borayotgani esa tanlovning ahamiyati va qamrovi kengayib borayotganidan dalolat beradi.




