Nurobod tumanida maqom san’ati kechasi bo'lib o'tdi
Bugun Nurobod tumani Madaniyat saroyi konsert zalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artistlari — G‘ofurjon hamda G‘ulomjon Eshjonovlar badiiy rahbarligidagi O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi Maqom ansamblining konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur madaniy tadbir yurtimizning boy musiqiy merosi — milliy maqom san’atini keng targ‘ib etish, uning nafis ohanglari orqali tomoshabinlarga yuksak estetik zavq ulashish maqsadida tashkil etildi.
Konsert dasturi davomida an’anaviy maqom yo‘llari, mumtoz kuy-qo‘shiqlar mahorat bilan ijro etilib, zalda ko‘tarinki va samimiy muhit hukm surdi.
Xushovoz xonandalar hamda sozandalar ijrosi tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olinib, har bir chiqish gulduros qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlandi. San’atkorlarning sahnadagi yuksak mahorati, kuy va ohanglarning nafisligi yig‘ilganlarni xushnud etib, qalblarda unutilmas taassurot qoldirdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar va tomoshabinlar tomonidan konsert dasturi yuqori baholanib, san’atkorlarga samimiy minnatdorlik bildirildi.




