Nurobod tumani tashkil etilganiga 50 yil to'lmoqda
#Nurobod_50_yoshda
Nurobod tumani tashkil etilganiga 50 yil to'lmoqda
Bu yil Samarqand viloyatining go‘zal maskanlaridan biri — Nurobod tumani tashkil topganiga 50 yil to‘lmoqda.
Yarim asrlik tarix mobaynida Nurobod mehnatsevar, bunyodkor va mehr-oqibatli insonlar yashaydigan, taraqqiyot sari dadil qadam tashlayotgan tumanga aylandi.
Nurobod tumani 1975-yil 26-noyabrda tashkil topgan bo‘lib, umumiy maydoni 4,86 ming kvadrat kilometrni tashkil etadi. Hudud asosan yassi tog‘lar, qir-adirlar, soy va tekisliklardan iborat bo‘lib, tuman sharqdan g‘arbga cho‘zilgan.
Tumanning sharqiy qismidan Eski anhor kanali oqib o‘tadi, shimoliy-sharqiy qismida esa Kattaqo‘rg‘on suv ombori joylashgan.
Mazkur suv ombori bo‘yidagi “Saroyqo‘rg‘on” o‘rmon xo‘jaligi hududida pistazor va bodomzorlar barpo etilgan. Shuningdek, tuman markaziga yaqin hududda Sobirsoy suv ombori bunyod etilib, u tumanning sug‘orish tizimida muhim o‘rin tutmoqda.
Tuman Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari, shuningdek Paxtachi, Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om hamda Samarqand tumanlari bilan chegaradosh hisoblanadi.
Bugungi kunda Nurobod tumanida 39 ta mahalla fuqarolar yig‘ini va ular tarkibida 95 ta aholi yashash punktlari mavjud. 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, tumanda 166,9 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda, shundan 84,3 ming nafari erkaklar, 82,6 ming nafari ayollardir.
Nurobod tumani iqtisodiyoti asosan dehqonchilik va chorvachilik yo‘nalishlariga ixtisoslashgan bo'lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va sanoatni rivojlantirish loyihalari natijasida tumanda sanoat ulushi ham sezilarli darajada o'smoqda.
Bugungi kunda tumanda 118 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati xorijiy va mahalliy tadbirkorlar tomonidan jalb etilgan investitsiyalar evaziga tashkil etilgan bo‘lib, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining daromad manbalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugun Nurobod tumanida qadimiy ziyoratgohlar, shifobaxsh sanatoriylar, so‘lim bog‘lar, ta’lim va madaniyat markazlari, qorako‘lchilik, dehqonchilik va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Ushbu infratuzilmalar tumanning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o‘rin tutib, aholining turmush farovonligini yuksalishiga xizmat qilmoqda. Nurobod tumanining 50 yillik yo‘li — bu tarix, mehnat va yangilanish davridir.
Bugun Nurobod yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘yar ekan, bu yurt ahlining ezgu orzu-intilishlari, mehnatsevarligi va birligi tuman ravnaqi va kelajagi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.




