Nurobod tumani mahallalarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Rashid Ibragimov ishtirokida tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
R.Ibragimovning so‘zlariga ko‘ra:
“Tumanda xususiy sektorni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali foydalanish, bevosita ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish, har bir hududning tabiiy, mineral-xomashyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turistik va mehnat salohiyatidan kelib chiqqan holda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan, joriy yilning 1-dekabr holatiga ko‘ra, 1819 ta kichik biznes subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lib, shundan yil boshidan bugungi kunga qadar 245 ta kichik tadbirkorlik subyektlari, 495 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan.
2024-yil davomida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 42,6 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Jumladan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida 13,4 mlrd. so‘m, “Biznesga birinchi qadam” dasturi doiraisda 10,4 mlrd. so‘m hamda “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish” dasturlari doirasida 29,2 mlrd. so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-15 son va PQ-153-sonli qarorlariga asosan, aholiga 2024-yilda dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun jami 287,0 gektar gektar yer maydoni auksion savdolariga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalda bugunga qadar 287,0 gektar yer maydonlari aholiga dehqon xo‘jaliklari tashkil etish uchun auksion savdolariga chiqarilgan.
Aholi tadbirkorligi va o‘zini-o‘zi band qilish uchun 2700 mln so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha jami 165 nafar fuqarolarga 1 140 mln. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Yanvar-avgust oylarida 8457 nafar ishsiz fuqarolar PQ-4742 sonli qaror asosida o‘zini-o‘zi band qilgan.
Tumanda xizmat ko‘rsatish sohasida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, sifatli xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida 200 ta yengil konstruksiya va ko‘chma savdo joylari “E-Auksion” ga chiqarilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kungacha 200 ta yerlar savdoga chiqarilgan.
“Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 287-son Farmoni bilan ham bir qancha imtiyozlar belgilangan.
Jumladan, bizning tumanimiz 4 toifadagi hudud hisoblanib, har bir toifaga kiruvchi hududlarga alohida-alohida imtiyozlar belgilab berilgan.
Vazirlar Mahkamasining 71-son qarori ijrosini ta’minlash hamda tumanda tadbirkorlik subyektlariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida 2024-yilda ishchi guruh tomonidan bo‘sh turgan noqishloq yer maydonlarini aniqlab, maydoni 29,4 gektar bo‘lgan, 490 ta lot yer maydonlarini “E-Auksion” savdolariga chiqarish belgilangan bo‘lib, bugungi kungacha 16,3 gektar bo‘lgan 321 ta bo‘sh yer maydonlari tadbirkorlik uchun “E-Auksion” savdolariga chiqarildi.
Bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida bir qator imtiyozli va tijorat kreditlari ham ajratilib kelinmoqda.
Jumladan:oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 18 foiz stavkada oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga umumiy tartibda asosiy qarz bo‘yicha 3 oydan 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ajratib kelinmoqda.
Dasturlar doirasida imtiyozli kreditlar kimlarga va nima maqsadida ajratilishiga keladigan bo‘lsak:
- chorvachilik (qoramol, qo‘y, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yo‘nalishi) uchun – 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- bog‘dorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun – 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
- “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlari va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun – 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
PQ-55-sonli qaror bo‘yicha tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslarga 33 million so‘mgacha hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan kichik tadbirkorlik subyektlariga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi va boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda hokim yordamchisining tavsiyanomasi bilan beriladi”.