Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov ishtirokida "Nurobod tumanida sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar" mavzusida brifing bo'lib o'tdi
Nurobod tumani hokimi S.Berdiqulov ishtirokida "Nurobod tumanida sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiya va kommunal xo‘jalik yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar" mavzusida brifing bo'lib o'tdi.
Tuman rahbarining so'zlariga ko'ra:
"Bugungi kunda tuman aholisiga sifatli kommunal va maishiy xizmatlar ko'rsatish, qulaylik va imkoniyatlar yaratish borasida tizimli ravishda ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Nurobod tumanida umumiy 103 ta ko‘p qavatli uy-joylar va 2328 ta xonadon mavjud bo‘lib, shundan 7 tasi 5 qavatli, 83 tasi 4 qavatli, 7 tasi 3 qavatli, 6 tasi 2 qavatli ko‘p xonadonli uy-joylardan iborat.
Аmir Temur, Navro‘z, Sharq Yulduzi mahallalaridagi 8 ta ko‘p qavatli turarjoylardagi ta’mirtalab elektr shitlari, 7 ta ko‘p xonadonli uy-joylarning oqova yotiq quvurlari, 4 ta ko‘p xonadonli uy-joylarning uy ichidagi muhandislik tarmoqlari, 4 ta ko‘p xonadonli uy-joylarning tom qismi, 5 ta turarjoylarning tutash hududlaridagi bolalar maydonchalari joriy ta’mirlandi.
Shuningdek, 8 ta ko‘p qavatli uy-joylarning kirish yo'laklariga harakat datchikli tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi, 3 ta ko‘p kvartirali uy-joylarning tutash hududlarida 400 kv.m betonlash ishlari amalga oshirildi, 5 ta turarjoylarning 7 ta kirish yo'laklari, 8 ta ko‘p xonadonli uy-joylarning tom qismi mukammal ta’mirlandi.
Ichimlik suvi ta'minoti borasidagi ishlarga to'xtaladigan bo'lsak, "Xalqobod" mahallasi hududida joylashgan ichimlik suv inshootida 1 dona nosoz holatdagi suv haydash nasosi o'rniga yangisi o‘rnatildi, 1 dona boshqaruv qutisi o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Sharq Yulduzi mahallasidagi suv inshooti minorasiga 1 dona DU-100 RU-16 rusumli zadvijka o‘rnatildi, Girdiqo'rg‘on mahallasi aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi suv inshootiga 1 dona suv haydash nasosi o‘rnatildi, Nurobod shahri aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Janub suv inshootiga 1 dona suv yangi nasos, markaziy suv tarmog‘idagi 26-tarmoqqa 1 dona DU-200 mm RU-16 va 2 dona 200 mmli flanitslar o‘rnatilib, ishga tushirildi.
Tumanda joriy yilning o'tgan davri mobaynida elektr energiyasi ta'minoti bo'yicha ham bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 201.0 km elektr havo tarmoqlari hamda 46 dona transformator punktlari mukammal ta’mirlandi.
Tepaqul MFY da 22 ta, Oqsoy MFY da 10 ta, Nurbuloq MFY da 10 ta, Xalqobod MFY da 19 ta, Yuksalish MFY da 50 dona temir-beton ustunlar, Nurdum MFY da 2 dona TP o‘rnatildi.
Bundan tashqari, Qilichli MFY da 263 dona temir-beton ustunlar, 3 dona transformator o'rnatilib, 10 km havo tarmog‘i tortilgan bo'lsa, Amir Temur MFYda 1.5 km kabel tarmog‘i yangidan yotqizildi.
Nurobod tumanidagi 4R-52 “Sarikul-Ulus-Nurobod-Tim-Navoiy”(0-116km) avtomobil yo'lining 65-70 km qismi oralig‘idagi 5 km ga, 4N-553 «Shurcha-Nurdum-Jarquduq» 0-31 km avtomobil yo‘lining Nurdum MFY hududidan o‘tuvchi 1.3 km qismiga, 4K-546 «Nurobod-Boshquduq-Ulus» 0-24 km avtomobil yo‘lining Yuksalish MFY hududidan o‘tuvchi 4.0 km qismiga, 4K-544 “Qizilquyosh qishlog‘iga kirish” avtomobil yo‘lining 7-11 km oraliq qismiga 2.5 km asfalt qoplamasi yotqizildi.
Shuningdek, 4.0 km piyodalar yo‘laklari barpo etilib, 50.4 km tuproq yo‘llar shag‘al yo‘llarga aylantirilgan bo'lsa, yana 271 km tuproq yo‘llarni shag‘allashtirish bo‘yicha takliflar berilgan.
Nurobod tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham ishlar jadallik bilan olib borilmoqda. Jumladan, bahor mavsumida 645,9 ming dona daraxt ko‘chatlari ekilib, bu boradagi reja 107,7 foizga bajarildi.
2024-yil kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tuman bo'ylab 400 mingga yaqin mevali va manzarali daraxt hamda bo‘ta ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda daraxt ko‘chatlari ekish ishlari olib borilmoqda".