Nurobod tumani hokimi ishtirokida maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni yechish borasida olib borilayotgan ishlar mavzusida brifing o'tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimi S.Berdiqulov ishtirokida tumanda maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolarni yechish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Tuman rahbarining so‘zlariga ko‘ra:
“Bugungi kunda Nurobod tumanidagi barcha 39 ta mahallalarda aholining maishiy chiqindilarni tashish va olib chiqishni tashkil etish ishlari 2022-yildagi “E-auksion” yagona elektron savdo maydonchasida o‘tkazilgan tanlov natijasiga ko‘ra, shahrimizda faoliyat ko‘rsatayotgan “Gold Marjonabegim” MChJ tomonidan amalga oshirilib kelinmoqda.
“Gold Marjonabegim” MChJ da bugungi kunda 41 nafar xodim ish faoliyatini olib bormoqda.
Korxona tomonidan chiqindilarni tashish jarayonida “Gold Marjonabegim” MChJ tasarrufidagi mavjud 12 ta texnika, ya’ni 1 ta Avto yuklagich, 2 ta Мultileft va 9 ta maxsus chiqindi tashish mashinalaridan foydalanib kelmoqda.
Shuningdek, korxona tomonidan yuridik tashkilotlar bilan jami 253 ta shartnomalar tuzilgan. Tashkil etilgan maishiy chiqindi yig‘ish shaxobchalari soni 11 ta bo‘lib, shundan 7 tasi “Toza hudud” DUK tamonidan 10 yil muddatga beg‘araz foydalanishga berilgan. 4 ta modulli chiqindi yig‘ish shaxabchasi “Gold Marjonabegim” MChJ mablag‘lari hisobidan qurilgan, 2025-yil 2 ta maishiy chiqindi yig‘ish shaxobchalari joriy ta’mirlash va kuzatuv kameralari o‘rnatish, 2 ta maxsus texnika va 50 ta chiqindi konteynerlar olish ko‘zda tutilgan.
Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish borasidagi ishlar haqida gapiradigan bo‘lsak, shahrimizdagi barcha chiqindi to‘plash shaxobchalaridan – 1 kunda bir marotaba;
mahallalardagi yakka tartibdagi turarjoylardan “signal” usulida – haftada bir marta chiqindilar olib chiqilmoqda.
Shuningdek, Amir Temur, Oʻzbekiston, Alisher Navoiy, Mustaqillik, G‘alaba kabi markaziy koʻchalardan har kuni maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish yoʻlga qoʻyilgan.
Shahar aholisiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish maqsadida to‘lovlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bugungi kunda to‘lovlarni bank to‘lov kassalari, elektron to‘lov tizimlari va boshqa to‘lov turlari orqali to‘lash imkoniyati mavjud.
Xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar jismoniy shaxslar tomonidan keyingi oyning 10-sanasidan kechikmagan holda amalga oshirish tavsiya etiladi.
Aziz tumandoshlar!
Obodlik koʻngildan boshlanadi, deydi dono xalqimiz. Bu naql mazmunidan inson maʼnaviyati, tarbiyasi uning yon-atrofga, tabiatga munosabatida ham aks etadi.
Shu o‘rinda, tumanimiz aholisidan chiqindilarni maxsus belgilangan joylarga tashlashlarini, bu boradagi tartib-qoidalarga amal qilishlarini so‘rab qolaman. Afsuski, bugun yuqorida ta'kidlangandek chiqindilarni tashlash uchun barcha sharoitlar yaratilgan, maxsus chiqindi tashlash idishlari o‘rnatilgan bo‘lsa-da, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlab ketish holatlarining ko'p uchrayotganligi dilni xira qiladi.
Ayniqsa, Sh.Yulduzi, Navro‘z, Mash’al mahalalaridan oʻtuvchi koʻchalarda belgilanmagan joylarga fuqarolar tomonidan maishiy va qurilish chiqindilarini chiqarib tashlashlar kuzatilmoqda. Bundan tashqari yuqorida koʻrsatilgan mahallalarda ayrim fuqarolar oʻz xonadonida boqib kelayotgan chorva mollari gungini markaziy koʻchalarga tashlab ketish holatlarining uchrayotganligi ham achinarli. Bu holatlar fuqarolarga maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli bandi bilan jarima solishga sabab boʻlmoqda.
Ob-havoning isishi, bahor va yoz oylarida vaqtida olib ketilmagan, fuqarolar tomonidan belgilanmagan joylarga tashlab ketilgan chiqindilar havoni ifloslantirishi bilan birga, bugun ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari olib borilishi natijasida ko‘rkam bir hududga aylanayotgan shahrimizning ko‘rinishiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Biz xonadonlarimizni ozoda tutishga harakat qilamiz, lekin shahrimiz, mahallamiz ham bizlarning umumiy uyimiz, qolaversa yuzimiz ekanligini hech qachon unutmasligimiz lozim.
Shu boisdan shahrimizni yanada obod va go‘zal bo‘lishida barcha Nurobodliklarni mas’uliyat bilan qarashlarini, hozirgi kunda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlariga munosib hissa qo‘shishlarini so‘rab qolaman”