Madaniyat sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan brifing o‘tkazildi
Bugun Nurobod tumani hokimligida tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xujamiyarov Sirojiddin Xushimovich ishtirokida madaniyat sohasini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
Nurobod tuman madaniyat bo‘limi tasarrufida 2024-yilda 4 ta madaniyat markazlari mavjud bo‘lib, ushbu madaniyat markazlarida 25 ta to‘garaklar faoliyat yuritib kelmoqda. To‘garaklarga 385 nafar madaniyat va san’atga qiziqishi bor yoshlar qamrab olingan. Ushbu to‘garaklarni 2025-yilga 30 taga yetkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-112-son “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi 78 ta umumta’lim maktablarida qo‘shimcha to‘garaklar tashkil etish 2025-yilda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamda umumta’lim maktablari bilan kelishgan holda qo‘shimcha 6 ta (rubob, doira, drama, tasviriy san’at, maktab teatri) to‘garaklarini tashkil etish rejalashtirilib, 100 nafarga yaqin madaniyat va san’atga qiziqishi bor yoshlarni qamrab olish kuzda tutilgan.
2024-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida Madaniyat va san’at yo‘nalishida 2 ta ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Ushbu tanlovlarning mahalla, sektor va tuman bosqichlarida jami: 2 500 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Eng quvonarlisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Yoshlar ovozi”, ya’ni “Bo‘zotov fest” tanlovining Respublika bosqichida “Baxshichilik” yo‘nalishida Ulus MFYda yashovchi Shavkatov Muhammad Shavkat o‘g‘li faol ishtirok etib, 10 000 000 (o‘n million) so‘mni qo‘lga kiritdi
Tumandagi 39 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida aholi uchun turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsert tomosha tadbirlarini tashkil qilish maqsadida tuman mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi bilan hamkorlikda qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, yil davomida mahalla fuqarolar yig‘inlarida, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tumandagi tashkilotlar bilan shartnoma asosida kasb-bayramlarini o‘tkazish orqali bo‘limning hisob raqamiga 20 million so‘m tushirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, tuman hududidagi sanatoriyalarda dam oluvchilarga madaniy hordiq ulashish maqsadida har haftada bir marta konsert dasturlari namoyish etish orqali pullik xizmatni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.